Bugungi global ekologik muammolar sharoitida atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, chiqindilar hajmini qisqartirish va ularni qayta ishlash orqali iqtisodiy samaradorlikka erishish masalasi barcha davlatlar uchun strategik ahamiyat kasb etmoqda.
Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi hamda Xitoy Xalq Respublikasining “Wangneng Environment” yetakchi kompaniyasi rahbarlari o‘rtasida chiqindilarni yetkazib berish bo‘yicha bitim imzolanishi mazkur yo‘nalishdagi islohotlarni yangi bosqichga olib kirdi. Ushbu hamkorlik chiqindilarni qayta ishlash sohasida ilg‘or texnologiyalar, xalqaro tajriba va innovatsion yechimlarni mamlakatimiz amaliyotiga joriy etish, shu orqali ekologik xavfsizlikni ta’minlash hamda “yashil iqtisodiyot” tamoyillarini izchil rivojlantirishga xizmat qilmoqda.

Buxoro viloyatining Kogon tumanida joylashgan “Navro‘z” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida maishiy chiqindilarni yoqish orqali elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi zamonaviy, yuqori texnologiyali zavod qurilishiga tamal toshi qo‘yildi. Mazkur loyiha nafaqat hudud miqyosida, balki respublika darajasida ham ekologik infratuzilmani modernizatsiya qilish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri sifatida baholanmoqda.
Loyiha doirasida amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligini ta’minlash, qurilish va texnologik jarayonlarni muvofiqlashtirish, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan tashkiliy, texnik va logistik muammolarni oldindan aniqlash hamda ularni bartaraf etish maqsadida Buxoro viloyati bojxona boshqarmasi boshlig‘i B. Muratov hamda “Aholi trans” MCHJ vakillari o‘rtasida muloqot o‘tkazildi. Uchrashuv davomida loyihaning amaliy bosqichlari, uskunalarni olib kirish, texnologik jarayonlarni tashkil etish, bojxona rasmiylashtiruvi, logistika tizimi hamda infratuzilma bilan bog‘liq masalalar atroflicha muhokama qilindi.

Uchrashuvda Xitoy Xalq Respublikasining “Wangneng Environment” kompaniyasi ishtirokida 165 million AQSH dollari miqdoridagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya hisobiga barpo etilayotgan ushbu korxonadan kutilayotgan ijtimoiy, iqtisodiy va ekologik samaralar haqida ham so‘z yuritildi. Loyiha rejasiga muvofiq, zavod yiliga 547,5 ming tonna qattiq maishiy chiqindilarni qayta ishlash quvvatiga ega bo‘lib, 230 million kilovatt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarish imkoniyatini ta’minlaydi. Bu esa hududda energiya ta’minotini mustahkamlash, elektr energiyasi manbalarini diversifikatsiya qilish va qayta tiklanuvchi energiya ulushini oshirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, loyihaning to‘liq ishga tushirilishi natijasida kamida 150 ta yangi ish o‘rni yaratilishi rejalashtirilgan.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri