Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Chiqindidan elektr energiyasi ishlab chiqariladi
16:57 / 2023-07-14

Ohangaron tumanidagi “Yangi hayot” MFY hududida joylashgan umumiy maydoni 89 gektarni tashkil qilgan chiqindi poligoniga Toshkent shahridan bir kunda qariyb 2 ming tonnagacha chiqindi olib kelinadi.

Ularning hajmi kattaligi hamda o‘z vaqtida bartaraf etilmasligi oqibatida atrof-muhitga katta ziyon yetmoqda. Prezidentimiz 2019 yil iyun oyidagi Toshkent viloyatiga tashrifi chog‘ida mazkur chiqindi poligonida yangi investitsion loyihalarini amalga oshirish zarurligi to‘g‘risida topshiriqlar bergan edi. Topshiriqqa asosan, 2019 yili “Chiqindi gazidan elektr energiyasi ishlab chiqish” investitsiya loyihasi doirasida Ohangaron qattiq maishiy chiqindi poligoni hududida loyiha ob’ektlarini qurish va uskunalar o‘rnatish uchun 1 gektar yer maydoni ajratilgan.  

Janubiy Koreyaning “SEJIN G&E Co” kompaniyasi vakillari mazkur loyihani hamkorlikda amalga oshirish taklifi bilan chiqqan va shu maqsadda tuman hokimligi mas’ullari bilan manzilning o‘zida qilinadigan ishlar ko‘rib chiqildi. Umumiy qiymati 55 million dollarga teng bo‘lgan ushbu loyihaning yillik elektr ishlab chiqarish quvvati 16 megavattni tashkil etadi. Loyihada ko‘rsatilishicha poligondagi chiqindilarning usti yopilib, ulardan gaz olinadi va gazni qayta ishlab chiqarish evaziga esa elektr energiyasi olinadi.  

Loyiha amalga oshirilishi natijasida, muqobil elektr energiyasi olishga erishilishi bilan bir qatorda, atmosferaga ko‘p miqdordagi zaharli gazlarining chiqishi, yer osti qatlamiga zararli moddalarning singishi, turli epidemiologik kasalliklar kelib chiqishining oldi olinadi.  

Dunyoda energetika resurslariga talab ortib borayotgan bir vaqtda mavjud imkoniyatlardan oqilona foydalangan holda shunday istiqbolli loyihalarni amalga oshirish orqali atrof-muhit musaffoligiga erishish, mavjud energiya taqchilligiga barham berish muammoning eng maqbul yechimlaridan biri sanaladi.  

A.Musayev,O‘zA.