Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Chiqindi uchun to‘lov oshishi haqidagi gaplar qanchalik asosli? (+video)
19:23 / 2022-02-11

Xabaringiz bor, joriy yilning 2 fevral kuni Prezident raisligida o‘tkazilgan videoselektorda chiqindi muammosi bo‘yicha yangi choralar belgilandi.

O‘zbekistonda maishiy chiqindi to‘plash qamrovini 95 foizga, qayta ishlash hajmini 40 foizga yetkazish vazifasi qo‘yildi. Prezident bu sohadagi tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yangi tashabbuslarni ilgari surdi. 500 ta maxsus transport sotib olinadigan bo‘ldi.

Yig‘ilish avvalida Prezident Shavkat Mirziyoyev jamoatchilikka murojaat qildi.

«Eng muhim masala – aholining ekologik madaniyatini oshirish. Bugun ko‘chaga yoki istalgan joyga qarang. Hamma joyda odamlar tashlab ketgan chiqindilarni ko‘rasiz. Biz ona yurtimizni muqaddas deymiz. Nima uchun uni toza-ozoda saqlamaymiz?

Nega bu masalada ommaviy axborot vositalari, mahalla faollari bong urmayapti? Qani nuroniylarimiz, jamoatchiligimiz?

Albatta, bunday muammolarni faqat ma’muriy yo‘l bilan hal etib bo‘lmaydi. Bunga yosh avlod qalbida ona tabiatga daxldorlik hissini tarbiyalash orqali erishish mumkin. Mahallada, ko‘chalarda chiqindi tashlagan kishini ko‘rganda «bu ishingiz noto‘g‘ri bo‘ldi», deydigan muhitni shakllantirishimiz, odamlarni bunga o‘rgatishimiz kerak. Bu – hammamizning ishimiz va insoniy burchimizdir», – degan edi davlat rahbari.

Shuningdek, Toshkent shahridagi «Maxsustrans» korxonasi transformatsiya qilinib, uning negizida davlat-xususiy sheriklik korxonasi tashkil etilishi masalasi ham ko‘rildi. Xorijiy tajribadan kelib chiqib, maishiy chiqindilarga to‘lov undirishning yangi tizimi yo‘lga qo‘yilish taklifi berildi.

Chiqindi muammosini hal etish aslo kechiktirib yoki paysalga solib bo‘lmaydigan masala ekanligi barchamizga ayon. O‘zA muxbiri videoselektorda ko‘tarilgan masala va topshiriqlar yuzasidan Toshkent shahar «Maxsustrans» ishlab chiqarish boshqarmasida yo‘lga qo‘yilayotgan ishlar bilan tanishishni maqsad qildi. Muxbirning chiqindi tizimi bilan bog‘liq savollariga boshqarma maslahatchisi Ismoil aka Sagdullayev javob berdi.

— Toshkent shahrida chiqindi yig‘ish shoxobchalari qancha?

— Hozir poytaxtda mingga yaqin chiqindi yig‘ish maydonlari bor. Shulardan 606 tasi bizga, qolgani esa xususiy korxonalarga qarashli. Poytaxtdagi 71 % aholiga xizmat ko‘rsatamiz. 448 ta mashinalarimizdan kuniga 240-250 tasi jadval asosida poytaxt bo‘ylab chiqindi yig‘ishga chiqadi.

— Chiqindilarga to‘lov puli undirilishi bo‘yicha yangi tartib joriy qilinishi haqida davlatimiz rahbari gapirib o‘tdilar. Bu tartib qanday bo‘ladi?

— Mahallalarda, ko‘p qavatli uylarda yashovchi odamlarning 90 foizi chiqindiga pul to‘lasa, 10 foizi to‘lamaydi. Ushbu to‘lovni undirish uchun yangi tizimlar joriy qilish ko‘zda tutilyapti. Chunki biz to‘lov bo‘ladimi, yo‘qmi chiqindilarni olib chiqib ketamiz. To‘lamayotgan odamlarni ajrata olmaymiz. Shu bois ishchi guruhlar tashkil qilib, aholi sonini o‘rganish hamda mahallalar bilan ishlashni ko‘zda tutyapmiz.

— Demak, chiqindiga to‘lov narxi osharkan, degan gaplar asossiz?

— Bu shov-shuvlar asossiz. Chiqindi narxi oshishi haqida hech qanday gap-so‘zlar yo‘q. Faqatgina aholidan chiqindi pulini o‘z vaqtida to‘lashlarini iltimos qilamiz. Chunki biz xo‘jalik hisobidagi tashkilot bo‘lganimiz uchun bankdan katta miqdordagi kredit mablag‘ini olganmiz.O‘sha mablag‘ni o‘z vaqtida to‘lash uchun albatta aholi chiqindi pulini to‘lashi kerak. 220 ta yangi texnika, 18 mingga yaqin zamonaviy qutilar olganmiz. 12 ta korxonamizning ikkitasi kapital ta’mirlandi. Yunusobod, Yashnobod, Yakkasaroy tumanlaridagi qayta yuklash shoxobchalarini ham kapital ta’mirlash ko‘zda tutilgan.

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/VQ10AOm6BfM" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture" allowfullscreen></iframe>

— Maxsustrans tizimida ishlaydigan xodimlarning qancha maosh olishlari haqida ham tushuncha berib ketsangiz.

— Toshkent shahri Maxsustransida 1757 ta odam ishlaydi, 606 ta chiqindi yig‘ish shoxobchalari bo‘lib, har bir shoxobchada bittadan operator o‘tiradi. Haydovchi hamda ishchilarning o‘rtacha oylik maoshlari 2-2.500 million. Chiqindi yig‘ish maydonchasidagi xodimlar shartnoma asosida ishlashadi. Ular chiqindilarni xususiy tadbirkorlarga topshirishdan keladigan daromad hisobidan kunlik pul topishadi. Shu mablag‘dan elektr energiya, suvga to‘lab turishadi.

— Chiqindilardan ko‘proq qanday mahsulotlar ishlab chiqariladi?

— Chiqindiga tashlangan plastmassa hamda qog‘ozlar qayta ishlanib, aholi va sanoat uchun pryajalar, nooziqovqat idishlar yaratiladi. Hozir biz aholi tomonidan eng ko‘p olib chiqiladigan po‘choqlarni ham qayta ishlab, ulardan mahsulot ishlab chiqaruvchi Ohangaron tumanidagi tadbirkor bilan shartnoma tuzdik. 2 gektar joy ajratdik, organik chiqindilarni qayta ishlab, beogomuslar olish maqsad qilinyapti. Biogomuslar daraxtlarga go‘ng sifatida ishlatiladi.

— Eshitishimcha, yaponlar, hattoki daraxtlarning yerga tushgan barglarini ham qayta ishlab, ulardan ozuqa sifatida foydalanishar ekan. Bizda ham shunday ishlarni yo‘lga qo‘yish mumkinmi?

— Albatta mumkin. Hozir Bo‘ka tumanidagi bir tadbirkor bilan shu xususda memorandum tuzishni ko‘zlab turibmiz. O‘zim borib ishlarini ko‘rib keldim. Tadbirkor shox-shabbalarni maydalab, quritib, qipiq holatiga keltirib, ulardan ko‘mir o‘rnida ishlatuvchi briketlar ishlab chiqarar ekan.

Nasib bo‘lsa, hech bir chiqindini isrof qilmay, iloji boricha ularni qayta ishlab, aholi hamda qishloq xo‘jaligi uchun foyda keltiruvchi mahsulotlar yaratishni yo‘lga qo‘ymoqchimiz.

Nigora Rahmonova, Yoqub Meliboyev (video), O‘zA