Sirdaryo viloyati Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi tomonidan joriy yilning 9 oyi davomida o‘tkazilgan ekologik nazorat tadbirlari natijasida viloyat bo‘ylab 1 478 nafar fuqaro tomonidan maishiy va qurilish chiqindilarini belgilanmagan joylarga tashlash holatlari aniqlandi.
Boshqarma matbuot xizmati ma’lumotida qayd etilishicha, ushbu huquqbuzarliklar yuzasidan fuqarolarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning tegishli moddalariga asosan ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilib, jami 701 million 378 ming 500 so‘m miqdorida jarimalar qo‘llanilgan.

Ekologik nazorat tadbirlari davomida aholining chiqindilarni to‘g‘ri yo‘q qilish va qayta ishlash borasidagi bilim va madaniyatini oshirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu maqsadda viloyat bo‘ylab jamoatchilik ishtirokida “Tozalik — sog‘lom muhit”, “Yashil makon — pok atrof” kabi targ‘ibot aksiyalari, uchrashuv va suhbatlar o‘tkazilmoqda.

Mutasaddilar ta’kidlashicha, bu kabi reydlar kelgusida ham muntazam davom ettiriladi. Chunki chiqindilarni belgilanmagan joylarga tashlash nafaqat atrof-muhitga, balki aholi sog‘lig‘iga ham jiddiy zarar yetkazishi mumkin.

Ekologiya boshqarmasi fuqarolarni tabiatga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lishga, chiqindilarni belgilangan manzillarga tashlash va ekologik tozalikni ta’minlashga chorlamoqda.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri