Ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo viloyati Qarshi tumani Uzunnavo qishlog‘i hududidan oqib o‘tuvchi Qashqadaryo daryosining qirg‘oqlari chiqindixonaga aylanib ketgani haqidagi xabarlar tarqaldi va bu jamoatchilikning keng muhokamasiga sabab bo‘ldi.
Fotomuxbir bilan vaziyatni joyiga borib o‘rganish maqsadida Uzunnavo qishlog‘iga bordik.
Shovullab oqib turgan Qashqadaryo va uning muhofaza maydonidagi yam-yashil yulg‘unzor bir qarashda kishida ajoyib taassurot qoldiradi. Lekin yulg‘unzor oralab qadam qo‘yishingiz bilan ta’bingiz xira bo‘ladi. Qishloq chetidan oqib o‘tuvchi Qashqadaryo daryosining qirg‘oq mintaqasi chiqindixonaga aylangani oqibatida haqiqatda ayanchli holatga kelib qolgan. U yerda qurilish materiallari qoldiqlari, turli xil maishiy va boshqa turdagi chiqindilarni ko‘rish mumkin. Qachonlardir baliqxona qurish maqsadida daryo bo‘yidan ajratilgan yerda qazilgan hovuz ham hozirda chiqindiga to‘la boshlagan. Hovuzdagi suvning tarkibi haqidaku gapirmasa ham bo‘ladi.
[gallery-21841]
Hozirku qish, hademay bahor keladi. Daryo o‘zani suv bilan to‘lib, chiqindilarni ham oqizadi. Keyin yoz fasliga kelib axlatning hidiga chidab bo‘lmaydi, deydi qishloq odamlari.
– Shu yerda tug‘ilib o‘sganman, – deydi qishloq faxriysi Bo‘ri Xudoyqulov. – Bir paytlar daryo bo‘yidagi ko‘klamda sayllar o‘tardi. Mazza qilib o‘ynardik. Lekin bugunchi? Daryo bo‘yi keta-ketguncha chiqindixonaga aylangan. Kayfiyating ko‘tarilish o‘rniga nafratlanib ketasan. Mahallamiz bilan chiqindi olib ketuvchi tashkilotlar shartnoma qilmagan. Shu bois odamlar axlatlarni shu yerga olib kelib tashlaydi. Bir necha bor mahallaning faol yigitlari birgalikda surdirib tozalatishdi. Lekin baribir aholi chiqindilarni tashlayveradi. Daryodan suv oqib o‘tadi. Chiqindilar chiriydi. Har xil epidemiya tarqalishi mumkin. Daydi itlar ham ko‘payib ketgan. Kasallik tarqatuvchi manbaga aylanishi shubhasiz. Mutasaddilardan iltimosimiz birorta chiqindi tashuvchi korxona bilan shartnoma qilib berishsa, bundan tashqari, daryo bo‘ylarini ishlataman degan tadbirkorlarga bo‘lib berishsa, shu yerlar obod bo‘lib qolarmidi?
Chiqindini kim tashlaydi? Shu qishloqning odamlari albatta. Boshqa yerdan kelib hech kim chiqindi tashlamaydi. Shu bois odamlarning chiqindilarni tashlash madaniyatini ham o‘zgartirish payti kelmadimikan? Qishloq atrofining tozaligi birinchi galda shu yerlik aholi uchun foyda emasmi? Bunday holatni birgina Uzunnavo qishlog‘ida emas, balki daryo bo‘yida joylashgan barcha qishloqlarda kuzatish mumkin. Hududlardagi zovurlar bo‘yida ham shu ahvol.
Xo‘sh, bu holatni hududda ekologik vaziyatni nazorat qiluvchi viloyat ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi tuman bo‘limi mas’ullari qanday izohlaydi?
– Qarshi tumani “Bog‘abod” MFY hududidan oqib o‘tuvchi daryo bo‘ylari chiqindixonaga aylanib ketganligi xususida murojaat tushgan, – deydi boshqarmaning tuman bo‘limi rahbari Shuhrat Amanov. – Murojaatni o‘rganish davomida daryoning muhofaza maydonida aholi tomonidan har xil turdagi chiqindilar to‘kib ketilgani aniqlandi. Bu holat bo‘yicha mahalla raisiga nisbatan ma’muriy jarima qo‘llanildi. Qayta takrorlanmasligi uchun mahalla raisiga majburiy ko‘rsatmalar berildi. Bu kabi holatlarning oldini olish maqsadida doimiy ravishda tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda nazorat-reyd tadbirlari o‘tkazib kelinmoqda. Holat bo‘yicha avvalroq mahalladagi bir nafar fuqaroga nisbatan ham ma’muriy jarima jazosi qo‘llanilib, huquqiy tushuntirish berilgandi.
Xulosa shuki, ekologiya va atrof-muhit tozaligiga e’tibor qaratmasak, bu kabi muammolarga o‘ralashib yuraveramiz. Tartibni eng avvalo o‘zimizdan, oilamizdan boshlashimiz kerak.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari