Har qanday xizmat sohasidagi shaffoflik va mas’uliyat, avvalo, aholi ishonchi bilan bog‘liq. Maishiy chiqindi tashish xizmati esa har bir xonadon hayotining ajralmas qismi bo‘lgani uchun undagi kichik kamchilik ham bevosita odamlarning kundalik turmushiga ta’sir qiladi.
Shu bois, Raqobat qo‘mitasi Toshkent viloyati hududiy boshqarmasi viloyatda aholiga maishiy chiqindi tashish xizmati ko‘rsatilishi holatini o‘rganib chiqdi. O‘rganishlar davomida bir qator qonunbuzilishlar, ya’ni ayrim xonadonlardan chiqindilar umuman olib ketilmagan bo‘lsa-da, ularga to‘lovlar hisoblangan va xizmat belgilangan darajada ko‘rsatilmagan holatlar aniqlandi.
Yuqoridagi aniqlangan holatlar yuzasidan hududiy boshqarma Maxsus komissiyasi tomonidan “RAHNAMO SERVIS”, "ZERO-WASTE", “ZANGIOTA OBODON”, “ANGREN BUNYOD FAYZ” va "OHANGARON SANITARIYA TOZALASH" MCHJga nisbatan "Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida"gi qonun talablari buzilishi bilan belgilangan tartibda ish qo‘zg‘atilib, natijasi yuzasidan 250 mingga yaqin iste’molchiga 8.8 mlrd. so‘mdan ortiq mablag‘ qayta hisob-kitob qilinishi bo‘yicha qaror qabul qilindi.
Shuningdek, qonunbuzilish holatini bartaraf etish va kelgusida bu kabi holatlarga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan ko‘rsatma berildi.
Raqobat qo‘mitasi tomonidan hududlar kesimida iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish maqsadida tizimli o‘rganishlar davom ettirilmoqda.
Nigora Rahmonova, O‘zA