Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Chiqindi mashinasi kelmagan kunlar uchun ham pul to‘lashga majburmizmi?”
15:40 / 2022-07-08

O‘zbekiston Milliy axborot agentligining @uza_uz telegram kanalida 7 iyul kuni Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i bilan “Atrof-muhit ozodaligiga kim javobgar?” mavzusida o‘tkazilgan ovozli chatning matn hamda video havolasini taqdim etamiz.

Mavzu yuzasidan kuzatuvchilarning savollariga Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i Umarjon Abdullayev javob berdi.  

— Faqatgina shahar bilan cheklanib qolmasdan qishloq joylarida ham chiqindi tashlaydigan yashiklar tashkil etishning imkoni bormi? 

— Hali infratuzilma ob’ektlarimiz respublikamizning barcha xududlarini to‘liq qamrab olmagan. 2017 yildan qo‘mitaga bu soha berilib, davlat byudjetidan pullar ajratilish boshlangan bo‘lsa, dastlab Toshkent shahri va markaziy shaharlar hamda viloyat markazlarida infratuzilma ob’ektlari yaratish boshlangan. Bosqichma-bosqich viloyat, tuman hududlari, qishloq aholi punktlariga ham maxsus texnika vositalarini yetkazish, chiqindi yig‘ish maydonlarini qurish, konteyner yetkazib berish ishlari amalga oshirilyapti.  

90 foiz aholi punktlariga chiqindi tashuvchi texnikalar kiritamiz.  Bu degani poytaxtga yoki viloyat markazlariga o‘xshab, haftasiga ikki marta chiqindi tashuvchi mashinalar kiradi, degani emas. To‘g‘risini aytishimiz kerak, shunday aholi punktlari ham borki, texnika yetishmovchiligi sababli  haftasiga bir yoki ikki haftada bir marta chiqindi tashuvchi texnika kiradi.  Chiqindi tashuvchi texnika umuman yetib bormagan hududlarimiz ham bor. Bu pul mablag‘lari bilan bog‘liq masala hisoblangani uchun bosqichma-bosqich  masalani hal etish choralari ko‘rilyapti.  

Bu yil Osiyo taraqqiyot banki loyihasi doirasida uzoq muddatli imtiyozli kredit evaziga 300 ta chiqindi tashuvchi maxsus texnika olishni rejalashtiryapmiz. Bu aynan uzoqdagi aholi punktlari uchun mo‘ljallangan. Hududlarimizda 7 kubali texnika xizmat ko‘rsatayotgan bo‘lsa, endi 12 kubali texnika xizmat ko‘rsatishi ko‘zda tutilgan. 6 mingta 1.100 litrli katta hajmli konteynerlarni xarid qilishimiz kerak. 

Muazzam Sheraliyeva, Andijon viloyati Baliqchi tumani “Yakkatol” MFY. 

—  Men qishloqda yashayman. 8-9 oydan beri ko‘chamizga chiqindi yig‘ib ketadigan mashina kelgani yo‘q. Kuni kecha kelib, qarzdor ekanligimizni aytdi. Chiqindi mashinasi kelmagan kunlar uchun ham biz pul to‘lashga majburmizmi? 

— Bizga shunga o‘xshash murojaatlar juda ko‘p kelib tushadi. Kuzatuvchining manzillarini yozib oldik.  Bu hududda hozirgi kunda xususiy tadbirkor tomonidan davlat-sherikchilik asosida xizmat ko‘rsatiladi. Lekin nazorat Ekologiya qo‘mitasida. Biz bu holatni individual o‘rganamiz. Mutaxassislar joyiga chiqib MFY, sanitar markaz mutaxassislari bilan birgalikda holatni o‘rganadi. Agar haqiqatan ham maxsus texnika kelmagan bo‘lsa, bularga chiqindini olib ketish uchun pulni to‘latish noto‘g‘ri. Biz sanitar tozalash korxonasiga qarzdorlikni uzish talabini qo‘yamiz va texnikaning ish grafigini yo‘lga qo‘yamiz.

N.Rahmonova,  
Yo.Meliboyev (video) O‘zA