Mutaxassislarning fikricha jon boshiga bir kunda 0,5 kg.gacha chiqindi yig‘ilar ekan. Endi buni oila, mahalla, viloyat va, nihoyat mamlakat aholi soniga ko‘paytirib ko‘ring-a!
Har kuni millionlab tonna bo‘lib ketadi. Hozirgacha uning asosiy qismi maxsus hududlarga ko‘mib yuboriladi. Ammo dunyoning rivojlangan mamlakatlarida chiqindini qayta ishlash, yoqish orqali ikkilamchi mahsulot olish ommalashgan.


Shuning uchun ham O‘zbekiston Prezidenti shu yil 24 martda “Namangan va Farg‘ona viloyatlarida qattiq maishiy chiqindilarni yoqish orqali elektr energiyasi ishlab chiqarish investitsiya loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorini qabul qilgan edi. Uning ijrosini ta’minlash uchun Xitoyning “China Everbright International Ltd” kompaniyasini jalb etdilar. Olib borilgan muzokaralardan so‘ng bu kompaniya kuniga 1,5 ming tonna chiqindini termik usulda qayta ishlab yil davomida 227,5 mln kVt elektr energiyasi ishlab chiqaradigan korxona bunyod etadigan bo‘lgandi. Qiymati 141,5 mln dollar bo‘lgan bu loyihani Farg‘ona tumanining Oqbilol qishlog‘ida amalga oshirishga kirishdilar. Mablag‘ Xitoy kompaniyasining to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyasidir.


– Yangidan bunyod etilayotgan korxona bir yilda 547 ming tonna maishiy chiqindini ekologik xavfsiz termik usulda qayta ishlash quvvatiga ega, – deydi qurilish boshlanishiga bag‘ishlangan tadbirda so‘zga chiqqan Farg‘ona viloyati hokimining o‘rinbosari Nuriddin Mamajonov. – Shunday qilib, ham chiqindidan xolis bo‘lamiz, ham energiya yaratiladi.
Yangi korxona qurilishi boshlanishiga bag‘ishlangan marosimda soha mutaxassislari, faxriylar va jamoatchilik vakillari ishtirok etdilar.
Muhammadjon Obidov, O‘zA