Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Chip XXI asr quroliga aylanyaptimi?
00:58 / 2026-01-20

Jahon geosiyosatida yarim o‘tkazgichlar oddiy texnologiya emas, balki milliy xavfsizlik va global ta’sir vositasiga aylangan bir payt AQSH va Tayvan o‘rtasidagi yangi savdo kelishuvi tarixiy ahamiyat kasb etadi. Vashington va Taypey imzolagan bitim nafaqat milliardlab dollarlik sarmoya, balki Xitoyni ochiqcha bezovta qiladigan strategik qadamni ham ifodalaydi.

Muayyan shartnomaga ko‘ra, Tayvanning dunyodagi eng yirik chip ishlab chiqaruvchilari, jumladan TSMC AQSHda ishlab chiqarish quvvatini kengaytirgan taqdirda, yarim o‘tkazgich va uskunalar importida imtiyozli tarifga ega bo‘ladi. Ayrim mahsulotlar umuman bojdan ozod etiladi, umumiy eksport tarifi esa 20 foizdan 15 foizga tushiriladi. Bu AQSHning texnologiya sohasidagi ko‘p yillik qaramligini kamaytirish yo‘lidagi qat’iy qadamdir.

Tayvan kompaniyalari AQSH iqtisodiyotiga 250 milliard dollar investitsiya kiritadi. Mazkur mablag‘ yarim o‘tkazgich, sun’iy intellekt va energetika sohalariga yo‘naltiriladi. Qo‘shimcha ravishda, yana 250 milliard dollarlik kredit kafolati ham taqdim etiladi. AQSH Savdo vaziri Xovard Latnik Tayvan chip zanjirining kamida 40 foizi Amerikaga ko‘chirilishi kerakligini da’vo qilib chiqdi.

Ushbu tashabbus Vashington uchun iqtisodiy bitimdan ko‘ra kengroq masala. Kompyuter chipi bugun sun’iy intellektdan tortib zamonaviy qurol-aslahagacha, barcha sohalar asosidir. Bunday mahsulotlarning asosiy qismi Xitoy da’vo qilayotgan orol — Tayvanda ishlab chiqarilayotgani AQSHni strategik jihatdan xavotirga solib kelgan. Hozirgi kelishuv ana shu xavotirga javob sifatida qabul qilinmoqda.

Albatta, bu jarayon XXR e’tiboridan chetda qolmaydi. Pekin Tayvanni o‘z hududi deb hisoblaydi va AQSH va Tayvan yaqinlashuvini mamlakat ichki ishiga aralashuv sifatida ko‘radi. Shunga qaramay, Vashington o‘z pozitsiyasini yashirmayapti: Tayvan bilan iqtisodiy va texnologik bog‘liqlik mintaqadagi ta’sirni saqlab qolish vositasi sifatida baholanyapti.

Binobarin, mazkur loyihani amalga oshirish Tayvan uchun ham oson emas. Ishlab chiqarishni AQSHga ko‘chirish ulkan xarajat talab etishi barobarida ishchi kuchi tanqisligi va ichki siyosiy xavf bilan ham bog‘liq. Qolaversa, orol hududida iqtisodiyot zaiflashishi xavfi ham yo‘q emas.

AQSH – Tayvan kelishuvi chip bozoridagi oddiy savdo shartnomasi emas. Bu XXI asrda texnologiya, xavfsizlik va geosiyosat qay darajada chambarchas bog‘lanib ketganining yorqin namunasidir. Zero, yarim o‘tkazgichlar uchun kurash kelajak uchun kurashga aylanmoqda.

Musulmon Ziyo, O‘zA