English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Chinoz tajribasi: ixcham issiqxonalar ommalashmoqda
12:35 / 2024-03-11

Prezident topshirig‘i – amalda

Chinoz tumanida tomorqa xo‘jaliklaridan samarali foydalanish va sabzavot mahsulotlari yetishtirish bo‘yicha ko‘rgazmali seminar bo‘lib o‘tdi.  

Unda O‘zbekiston Respublikasi fermer dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi Aktam Hayitov, Toshkent viloyati hokimligi mas’ullari, Kengashning viloyat va tuman kengashi raislari va xodimlari, hokim yordamchilari, “Tomorqa xizmati” korxonalari va sohaga tegishli tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.  

Prezidentimizning 2024-yil 5-martdagi “Aholi xonadonlarida sanoat usulida mahsulot ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash hamda tomorqa va dehqon xo‘jaliklarida yangi zaxiralarni ishga solishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida bir qator vazifalar belgilangan edi. Amaliy seminarda mazkur hujjat ijrosi muhokama qilinib, tegishli chora-tadbirlar ishlab chiqiladigan bo‘ldi va  ijrosiga kirishildi. 

 

Xususan, hududlarning tuproq iqlim sharoitidan kelib chiqib, suv ta’minotini inobatga olib, tumanlar eksportbop va serdaromad ekinlar ekishga ixtisoslashtiriladi. Chinoz tumanida serdaromad sabzavotchilik rivojlantiriladi.  

Chinozdagi “Birlik” mahalla fuqarolar yig‘ini aholisining tomorqa yerlaridan qay darajada foydalanilayotgani o‘rganildi. Hozir  mahalladagi 616 ta xonadonning 556 tasida 44.5 gektar tomorqa yer maydonida yengil konstruksiyali issiqxonalar mavjud. Ulardan yiliga 3 martagacha hosil olinadi. Asosan bodring, pomidor, bulg‘or qalampir va ko‘katlar yetishtirish ommalashgan. Bu yerda bir yillik hosildorlik o‘rtacha 55 ming 695 tonnani tashkil etadi.  Masalan, Nuriddin Haliqulov 25 sotix yer maydonidan yilga 1 milliard 200 million so‘m daromad topadi. Mahallaning 30 nafardan ortiq fuqarosini ish bilan ta’minlagan.  

-Issiqxonamizning 20 sotix qismida baqlajon, pomidor, bodring va bulg‘ori qalampiri ko‘chatlari tayyorlanadi, – deydi oilaviy tadbirkor Nuriddin Haliqulov. – Besh sotixda esa gulchilik bilan shug‘ullanamiz. Gullarimiz asosan Gollandiya, Koreya, Isroil davlatlaridan keltirilgan. Sabzavot ko‘chatlarini asosan sentyabr oyida parvarishlashni boshlaymiz va mavsumda uch martagacha daromad olishga harakat qilamiz.  

Prezidentimiz tomonidan joriy yilning 6-mart kuni Toshkent viloyatining tuman va shaharlaridagi imkoniyatlarni to‘liq ishga solish chora-tadbirlari yuzasidan o‘tkazilgan yig‘ilishda ko‘plab sohalarda muhim vazifalar belgilangan edi. Xususan, endilikda aholi tomorqalarida Chinoz tajribasi bo‘yicha ixcham issiqxonalar, kooperatsiya asosida mahsulotlarni saqlash va qayta ishlash majmualari tashkil etiladi. 

– Hozir Chinoz tumanida ham Janubiy Koreya davlatida keng ommalashgan ixcham issiqxonalar qurilyapti, – deydi “Green House material” qurilish korxonasi mas’ul xodimi Ma’rufjon Nosirov. – Uning qulayligi juda ko‘p. Masalan, uni qishda isitish oson, energiya tejamkor hisoblanadi va yil davomida aholiga xizmat qiladi. Yoz oylarida esa haroratni mo‘tadil saqlovchi maxsus sovutgichlar ham qo‘yiladi. Bu esa parvarishlanayotgan o‘simliklarning yaxshi rivojlanishiga yordam beradi.  

– Bu amaliy seminarga Farg‘ona viloyati Toshloq tumanidan keldim, – deydi “Varzak” mahalla fuqarolar yig‘ini hokim yordamchisi Abdug‘ani Sulaymonov. – Hududimizda issiqxona ancha ommalashgan bo‘lsa ham ko‘chatchilik bilan hali ko‘pchilik shug‘ullanmaydi. Mahallamizda qo‘y junidan kigiz tayyorlash ham yaxshi rivojlangan.  Davlatimiz rahbari yaqinda o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishida yoqilg‘isiz isitiladigan issiqxonalarni ko‘paytirish borasida takliflar berilgan edi. Shuni e’tiborga olib, endilikda issiqxonalar maxsus kigiz to‘shamalar bilan o‘raladi. Biz buni amalda sinab ko‘rdik, sovuq kunlarda o‘z natijasini berdi. Toshkent viloyati dehqonlari shu bo‘yicha o‘z qiziqishi va takliflarini bildirdi. Endilikda hamkorlik asosida mahsulot yetkazib beramiz.  

Seminar davomida tomorqa xo‘jaliklarida tadbirkorlik qilib, daromadlariga ega bo‘layotgan fuqarolar bilan suhbatlashildi. Asosiy e’tibor aholining daromad olishiga ko‘maklashish, mavsumda sifatli hosil olishni ta’minlashga qaratildi.  

Tumanning “Obi hayot” MFYdagi aholi xonadonlarida baliqchilik kooperatsiyasi asosida mahsulotlar yetishtirish bo‘yicha ham o‘zaro tajriba almashildi.    

A.Musayev,O‘zA muxbiri