FOTOREPORTAJ
Samarqand viloyati Ishtixon tumanidagi har bir qishloq o‘ziga xosligi bilan ajralib turadi. Dasht hududlarda bog‘dorchilik, tuman markazi va uning atrofida ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish, suvli joylarda tomorqachilik rivojlangan. Keyingi yillarda “Bir mahalla – bir mahsulot” tamoyili asosida amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida Ishtixonda oilaviy tadbirkorlik keng rivojlandi. Bunda sut mahsulotlarini qayta ishlash orqali qurut tayyorlash Ishtixonning drayver sohalaridan biriga aylandi.
[gallery-18280]
Jumladan, tumanning “Chinortepa” mahalla fuqarolar yig‘inidagi aholining 80 foizdan ortig‘i aynan shu ish bilan shug‘ullanadi. Ulardan biri – Habibulla Sulaymonov nafaqat oila a’zolari, balki qo‘ni-qo‘shni ishsiz xotin-qizlarni ham jalb etgan holda qurut ishlab chiqaradi.
– Qimirlagan qir oshar, deb to‘g‘ri aytadi xalqimiz, - deydi Habibulla Sulaymonov. – Boshida uy sharoitida qurut tayyorlab, sotishni yo‘lga qo‘yganimizda bu ishimiz shunday rivojlanib ketadi, deb hech o‘ylamaganmiz, rosti. Endilikda buyurtmalar ko‘payib, oilaviy tadbirkorlikni kengaytirdik va jami 25 kishini ish bilan ta’minladik. Shu yumush ortidan ro‘zg‘or but, ko‘ngil obod. Asosiysi, muqim daromad manbaimiz bor. Mazali va sifatli mahsulotlarimiz xaridorlarga manzur bo‘layotgandirki, buyurtmalar tobora ko‘payib bormoqda.
Alisher ISROILOV(surat),O‘zA