23 dekabr – Asqad Muxtor tavallud topgan kun.
Sana munosabati bilan bir guruh ziyolilar, shoir-yozuvchilar, adabiyotshunoslar va adibning oila a’zolari XX asr o‘zbek adabiyotida o‘z munosib o‘rniga ega O‘zbekiston xalq yozuvchisi Asqad Muxtorning «Chig‘atoy» qabristonida abadiy qo‘nim topgan manzilini ziyorat qilishdi.
Marhumning ruhiga Qur’on tilovat qilindi, u bilan bog‘liq yorqin xotiralar esga olindi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan O‘zbekiston xalq yozuvchisi Asqad Muxtor yashab ijod qilgan xonadonda yodgorlik lavhi o‘rnatildi. Xonadon oldida marhumning qo‘shnilari, shogird va yaqinlari ishtirokida qizg‘in suhbat bo‘ldi. Adib ijodi va faoliyati haqida iliq fikrlar bildirildi.
Yozuvchilar uyushmasida yozuvchi tavalludining 100 yilligiga bag‘ishlangan «El-yurt kerak ekan odamga», deb nomlangan xotira kechasi o‘tkazildi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, xalq shoiri Sirojiddin Sayyid, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi Ibrohim G‘afurov, O‘zbekiston xalq shoiri Mahmud Toir va boshqalar Asqad Muxtorning o‘zbek adabiyotida tutgan o‘rni, u qoldirgan boy ma’naviy meros haqida gapirdi. Asarlaridan namunalar keltirildi. Adib bilan bog‘liq iliq xotiralar yodga olindi.
Adibning o‘g‘li professor Temur Muxtorov otasini xotirladi.
[gallery-554]
–Asqad Muxtor o‘zbek adabiyoti uchun katta hizmat qilgan inson, – deydi «Guliston» jurnali bosh muharriri Mamatqul Hazratqulov. –U mohir tarjimon, faylasuf shoir, qalami o‘tkir yozuvchi edi. Uning tahrir san’ati haqida alohida gapirmoq kerak. Asqad Muxtor so‘zni so‘zdan farqlaydigan, nihoyatda so‘zdan ehtiyotkor foydalanadigan yaxshi muharrir edi. Inson sifatida o‘ta kamtar edi. Baland ovozda gapirmasdi. Kam, ma’nili gapirardi.
Asqad Muxtor badiiy ijodni she’riyatdan boshlagan. Uning birinchi she’ri 1935 yili matbuotda ko‘rindi, 40-50 yillarda «Po‘lat quyuvchi», «Hamqishloqlarim», «Rahmat, mehribonlarim», «Chin yurakdan» she’riy kitoblari chiqdi. Garchi bu kitoblarga kirgan asarlari o‘z vaqtida tanqidchilikda ijobiy baho olgan bo‘lsa-da, shoirning milliy adabiyotimizdagi o‘rnini, ijodiy qiyofasini belgilagan she’rlari 60- yillardan boshlab maydonga kela boshladi.
–Asqad Muxtorning eng sara asarlarini to‘plab, nashriyotimizdan muhtasham kitobini chiqardik, –deydi «Sharq» nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi muharriri, shoir, tarjimon Vafo Fayzulloh. – Asqad Muxtorning har bir asari xalqona, o‘zbekona yozilgan. Birgina «Chinor» romanini o‘zbek xalqiga mengzash mumkin. Millat ildizining chuqurligini chinorning umri boqiyligiga mengzayman. Asqad Muxtor asrning Cho‘lpon, Fitratlar boshlab bergan uyg‘oq she’riyatini Abdulla Oripov, Erkin Vohidovlarga uzatib, o‘rtada zanjir vazifasini bajardi.
O‘zbekiston xalq yozuvchisi Erkin A’zam, adabiyotshunos olimlar Muhammadali Qo‘shmoqov, No‘’mon Rahimjonov, yozuvchilar Yoqubjon Xo‘jamberdiyev, Ashurali Jo‘rayev kabi qator ijod vakillari ishtirok etgan tadbirda “99 miniatyura», «She’rlar», «Quyosh belanchagi», «Sizga aytar so‘zim»kabi she’riy to‘plamlari faqat shoirning emas, balki 60-70 yillar she’riyatining muhim yutug‘i ekanligi haqida so‘z bordi.
Shuningdek, Asqad Muxtor bu she’riy kitoblari orqali o‘zbek adabiyotida yangicha intellektual falsafiy lirikaning shakllanishiga katta hissa qo‘shganligi, yangi ijodiy avlod taqdiriga kuchli ta’sir ko‘rsatganligi aytib o‘tildi.
Asqad Muxtor she’riyatning qadimiy, ammo hamma davrlar uchun zaruriy muammolar – inson hayotining ma’nosi, tug‘ilish, yashash, o‘lim jumboqlari, tabiat sirlari,makon va zamon nisbati, inson tabiati, mehr va qahr tuyg‘usining qudrati – shular tevaragida bahs yuritadi.
Asqad Muxtor o‘zbek nasriga 1950 yilda «Daryolar tutashgan joyda» qissasi bilan kirib keldi. Shundan keyin u «Opa-singillar» romanini yaratdi. So‘ngra «Tug‘ilish», «Davr mening taqdirimda», «Chinor», «Amu» romanlarini yaratdi. Bu asarlarning aksari o‘zbek romanchilikning badiiy ufqlari kengayib borayotganini namoyish etdi. U adabiyotimizga «Qoraqalpoq qissasi»,«Bo‘ronlarda bordek halovat», «Buxoroning jin ko‘chalari» singari qissalarini ham meros qilib qoldirdi. Bu asarlarda o‘zbek xalqi bosib o‘tgan mashaqqatli yo‘lni aks ettirdi.
Dilobar Mamatova,
Muhammad Amin (surat), O‘zA