English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Chinor mahallasida obodonlashtirish ishlari qoniqarsizligi aniqlandi
13:35 / 2025-10-10

Kuz fasli ham yarimlab qoldi. Hademay, ortidan qish eshik qoqadi. Kunlar asta-sekin salqinlab borayotgani aholi turar joylarini, ijtimoiy soha ob’ektlarini kuz-qish mavsumiga tayyorlash ishlarini jadallashtirishni taqozo etadi. Bu borada tegishli tashkilot va muassasalar tomonidan muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. O‘zbekiston Ekologik partiyasi tashkilotlari tomonidan hududlarda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik jarayonlarining borishi o‘rganilmoqda.

Jumladan, xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi deputati Sevara Fayziyeva va faollar tomonidan poytaxtimizdagi Chinor mahallasi hududida o‘rganish ishlari olib borildi. O‘rganishlar jarayonida bir qator muammolar aniqlandi. Xususan, 23-A ko‘p qavatli uy yerto‘lasidagi sanitar holat yomon ekani, hasharotlar ko‘paygani, yoqimsiz hid va namlik tufayli aholiga zarar yetayotgani aniqlanib, xalq vakili tomonidan qayd etib olindi.

15/2-uyning kirish qismi esa yillar davomida ta’mirlanmagan, jiddiy ta’mirtalab ahvolda. 4-qavat 22-xonadon tomidan suv sizib, xonadon devorlari shikastlangan. Aholining mutasaddilarga ko‘p marotaba qilgan murojaatlari esa e’tiborsiz qolgani ma’lum bo‘ldi.

Partiya vakillari ushbu hududga xizmat ko‘rsatuvchi “Camel Kommunal Servis” boshqaruv kompaniyasi faoliyati bilan ham tanishdi. Mazkur kompaniya o‘z vazifalarini lozim darajada bajarmayotgani, ariqlar chiqindilar bilan to‘lgani, obodonlashtirish ishlari qoniqarsiz ekani aniqlandi.

E’tiborlisi, “Chinor” MFY 2024 yilda “Obod mahalla” davlat dasturiga kiritilgan. Ammo shunga qaramay, hududda kommunal va obodonlashtirishga oid masalalar o‘z vaqtida hal etilmayapti. Bu esa aholining noroziligiga sabab bo‘lmoqda.

Ekopartiya deputati servis kompaniyasi vakillariga o‘z tavsiyalarini berdi. Shuningdek, hududdagi muammolarni hal etish yuzasidan mas’ul tashkilotlarga deputatlik so‘rovi yuborilishi va uning ijrosi ustidan qat’iy nazorat o‘rnatilishini ma’lum qildi.  

M.Komilova,

O‘zA