Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Chiniqish va toblanish maktabi
19:51 / 2014-07-11

Kishidan tinimsiz harakat, katta sabr-matonat talab qiladigan murakkab va ayni paytda inson salomatligi uchun juda foydali sport turlaridan biri velosportdir.

Kishidan tinimsiz harakat, katta sabr-matonat talab qiladigan murakkab va ayni paytda inson salomatligi uchun juda foydali sport turlaridan biri velosportdir. U bilan shug‘ullanish uchun insonda avvalo kuchli ishtiyoq, qiziqish va mustahkam iroda bo‘lishi lozim. Ana shunday fazilatlarga ega sportchilarimiz xalqaro miqyosdagi qator musobaqalarda yuqori natijalarga erishmoqda.

Mamlakatimizda sportning ko‘plab turlari qatori velosportni rivojlantirishga qaratilayotgan alohida e’tibor samarasida bugun ushbu sport turi yoshlarimiz o‘rtasida tobora ommalashmoqda. Buni sportchilarimizning xalqaro miqyosdagi qator musobaqalarda erishayotgan yutuqlari misolida ham ko‘rishimiz mumkin.

Prezidentimiz Islom Karimovning 2013-yil 25-fevraldagi “O‘zbekiston sportchilarini 2016-yilda Rio-de-Janeyro shahrida (Braziliya) bo‘lib o‘tadigan XXXI yozgi Olimpiya va XV Paralimpiya o‘yinlariga tayyorlash to‘g‘risida”gi qarori sportchilarimizni nufuzli musobaqalarga har tomonlama puxta tayyorlash, terma jamoalarni yangi-yangi iste’dodlar bilan boyitishda muhim dasturulamal bo‘layotir.

Toshkent viloyati mamlakatimizda velosport rivojlanayotgan hududlardan. Velotrek va veloshosse bo‘yicha mamlakat terma jamoasining 19 nafar a’zosi poytaxt viloyati vakillaridir. Chirchiq shahridagi bolalar va o‘smirlar olimpiya zaxiralari sport maktabi hamda Chirchiq olimpiya zaxiralari kollejining velosport bo‘limida yosh sportchilar Albert Iskandarov, Farrux G‘ofurov, Qudrat Haydarov, Vinis Kalimulin singari murabbiylardan mahorat sirlarini puxta egallashmoqda.

– Velosport bo‘yicha viloyat terma jamoasi asosan Chirchiq va Olmaliq shahri sportchilaridan tarkib topgan, – deydi Toshkent viloyati terma jamoasi bosh murabbiyi Farrux G‘ofurov. – Maqsadimiz ushbu sport turini viloyatning boshqa hududlarida ham ommalashtirish, sportchilar orasidan eng kuchlilarini saralab, musobaqalarda munosib ishtirok etishini ta’minlashdan iboratdir.

Viloyatda velosport bo‘yicha sport seksiyalari faoliyatini kuchaytirish, sportchilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha izchil ishlar amalga oshirilayotir. O‘zbekiston velosport federatsiyasi tomonidan viloyat sportchilariga eng so‘nggi rusumdagi velosipedlar topshirildi. Sportchilarning jismoniy-ruhiy tayyorgarligini oshirish, ularni nufuzli musobaqalarga tayyorlashga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Natijada viloyat sportchilari bir necha yildirki, veloshosse bo‘yicha o‘tkaziladigan mamlakat chempionatida muntazam g‘oliblar qatoridan joy olib kelmoqda. Yaqinda Farg‘ona viloyatida o‘tkazilgan mamlakat chempionatida Murodjon Xolmurodov, Roman Shukurov, Denis Shaymanov, Ruslan Karimov singari tajribali velosportchilar g‘alaba qozondi.

Viloyat sportchilari mamlakat terma jamoasi tarkibida Janubiy Koreya, Indoneziya, Tailand, Malayziya, Eron va Xitoyda o‘tkazilgan nufuzli turnirlarda qatnashib, tajriba va mahoratini oshirdi. 2013-yili Hindistonning Dehli shahrida o‘tkazilgan Osiyo chempionatida Murodjon Xolmurodov veloshosse bo‘yicha 40 kilometrga shaxsiy va 156,2 kilometrlik masofaga o‘tkazilgan jamoaviy poygada marraga birinchi kelib, shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarildi. 2014-yilning may oyida Qozog‘iston mezbonlik qilgan Osiyo chempionatining o‘smirlar o‘rtasidagi bahslarida Vatanimiz sharafini himoya qilgan Chirchiq olimpiya zaxiralari kolleji o‘quvchisi Yekaterina Knebeleva 80 kilometr masofaga o‘tkazilgan guruhlararo trek va 15 kilometr masofaga yakkalik shosse poygalarida shohsupaning uchinchi pog‘onasidan joy oldi.

Ayni paytda viloyat sportchilari xalqaro miqyosdagi nufuzli turnirlar, shuningdek, joriy yil 19-sentabr – 4-oktabr kunlari Janubiy Koreyaning Incheon shahrida bo‘lib o‘tadigan XVII Osiyo o‘yinlariga puxta tayyorgarlik ko‘rmoqda.

– Mashg‘ulotlarni Chirchiq shahri va Bo‘stonliq tumanining tog‘li hududlarida olib boryapmiz, – deydi Osiyo chempioni Murodjon Xolmurodov. – Nasib etsa, qit’amiz sportchilarining eng nufuzli musobaqasi – Osiyo o‘yinlarida yuksak natija ko‘rsatishga harakat qilamiz. 2015-yili esa Olimpiya yo‘llanmalarini beradigan musobaqalarda qatnashishni rejalashtiryapmiz. Maqsadimiz Rio-de-Janeyro Olimpiadasida munosib ishtirok etishdir.