Haftaning har shanba va yakshanba kunlari O‘zAda jahon adabiyotining buyuk vakili Chingiz Aytmatov va yapon mutafakkir-adibi Ikeda Daysakuning turli mavzulardagi suhbatini e’tiboringizga havola etib boramiz. Suhbat Chingiz Aytmatovning «Buyuk ruh qasidasi» nomli kitobidan tarjima qilingan...
(Davomi. Oldingi qismi 31 iyulda e’lon qilingan)
Gunglikni yengib o‘tish Ikeda: – Aflotun, “so‘zni sevmaslik”ni alohida qayd etib, qandaydir farqli holat, ko‘ngil xastaligi, deb ataydi. So‘zga nafratda, uning fikricha, insonga nafrat bor... Qadimgi faylasuf hayratlanarli darajada aniq sezgan! So‘z erkini bo‘g‘ish va muxolifdagi insoniy fazilatlarni rad etish o‘z-o‘zidan zo‘ravonlikni anglatadi. Agar bu haqda, shuningdek, har qanday totalitar tizimning bunday ko‘rinishi, o‘zaro anglashuv yo‘q bo‘lgan muzokaralar, hatto umuman muzokaralar haqda o‘ylasangiz, Aflotunning haqligiga yana bir bor ishonch hosil qilasiz. O‘tmishga nazar solsangiz, tarixning keskin burilish davrlarida so‘z erkinligi uchun kurashlar qanchalik kuchli bo‘lganini payqashingiz mumkin. Bunga Amerikada, Fransiyada, Rossiyada bo‘lgan inqilobiy voqealar guvohlik beradi. Inqilob paytida Rossiyada bo‘lib o‘tgan voqealarni, ayniqsa, amerikalik jurnalist Jon Rid o‘zining “Dunyoni larzaga keltirgan o‘n kun” nomli kitobida yorqin va jonli tasvirlab beradi:“Inqilobning birinchi olti oyida faqat birgina Smolniy institutidan mamlakatning barcha burchaklariga ko‘plab yuk mashinalari, adabiyot poyezdlari jo‘natildi, Rossiya materiallarni xuddi quruq qum suvni shimiganday sabrsizlik bilan o‘ziga singdirdi”.O‘sha davrda juda ko‘p gazetalar chop etildi, har turli risolalar tarqatildi, odamlar ilmiy kitoblar va badiiy adabiyotni yutoqib o‘qidi. U yer bu yerda, xuddi suv toshqini mavji kabi, mitinglar bo‘lib o‘tdi, nutqlar so‘zlandi. Ma’lumki, so‘z erkinligi uchun harakatning ko‘tarilishi ko‘pincha islohotlarning harakatlantiruvchi kuchiga aylandi.
Ch.Aytmatov: – Agar bizning uchrashuvimiz o‘n yil oldin bo‘lganida, so‘zga ishonch va insonga ishonch mavzusida fikr yuritish taklifi, xuddi panjara ortida o‘tirgan mahbusga ko‘chadan kelgan odam bilan ozodlik haqida suhbatlashishga yaratilgan imkon kabi, men uchun ham og‘ir, ham istalgan ish bo‘lar edi. Nima bo‘lganda ham, asrim boshiga tushgan zamondan hasratlanib va nafratlanib yuragimning chigilini astoydil yozardim. Ha, u paytlar men tomonimdan reaksiya xuddi shunday bo‘lardi. Va, menimcha, buning ajablanarli joyi yo‘q – axir, so‘z qanchalik qudratli vosita bo‘lsa, shunchalik zaif va ahamiyatsiz hamdir. Ammo “mavzuning begona” bo‘lishiga so‘z aybdor emas, so‘zning taqdiri uchun aslida yana biz, odamlar aybdormiz. Agar so‘z biror qadr-qiymatga ega bo‘lmasa, asossiz ish tutuvchi odamning qadrsizlangan shaxsiga o‘xshaydi. Va shunda ko‘nglimga kelgan fikrni birdan anglab qolaman: Xudoyim, bizning mamlakatimizda umr kechirayotgan nutq nima haqida bo‘lmasin, Xudodan to og‘zaki so‘zgachami yo ekologiyadan to milliygachami, qanday muammolarga to‘xtalmasin, hamisha salbiy bo‘lib chiqadi. Nahotki rejamiz shunday bo‘lsa?Bu yerda yana bir narsa bor – oldingi davrlarning hech biri bizning sotsialistik totalitarizm kabi so‘zga betoqat bo‘lmagan. Mening avlodim umrining ko‘p qismini aql bovar qilmas darajada bo‘ysunish va so‘zlarni bo‘ysundirishga sarfladi. So‘zning to‘liq qadrsizlanishi va uning orqasida turgan odam, buyruq so‘z va itoatkor so‘z o‘rtasida harbiy bo‘ysunish qoidasi mavjud edi. Birinchisi o‘zini yakka hokim qilib ko‘rsatgan, ikkinchisi bo‘ysunishga majbur bo‘lgan. Ehtimol, tasodif emasdir, erkinlikka majbur bo‘lgach bizning so‘zimiz vulqonning ko‘r kuchi kabi halokatga uchradi. Biz so‘z erkinligiga shu qadar berilib ketdikki, uning qadrini yo‘qotdik – so‘z faqat birdan-bir maqsad bo‘lib qoldi. Ammo bu vaqtinchalik falokat ekaniga, so‘z hali o‘zining axloqiylik va bunyodkorlik faoliyatiga qaytishiga ishonaman. Shuning uchun ishonamanki, biz endi zamonaviy odamning asosiy mulki – so‘z erkinligiga egamiz. Biz kasaldan turdik, biz tuzalayapmiz. So‘z erkinligisiz hayot tabiiy bo‘lmaydi.
Ikeda: – Hammasi shunchaki emas. Faqat tuzum “so‘z erkinligi” yoki “vijdon erkinligi” kafolatini berishi sababli odamning ichki mohiyati takomillashishi dargumon. Shu ma’noda “qonun – bu quyi tabaqalar axloqi” (past darajadagi axloq). Va ushbu “quyi tabaqa”dan to “yuqori pog‘ona”gacha bo‘lgan huquqiy va sistematik kafolatlar tufayli qobiliyatini rivojlantirish, so‘zsiz, insonning o‘ziga bog‘liq. Tarix bergan darsni unutmaslik kerak: Germaniyada Veymar respublikasi demokratik qonunlarning mustahkam bazasidan vujudga kelganday ko‘ringandi, oxir-oqibat jirkanch Uchinchi reyxning jariga dumalab ketdi. Birgina urf muammosiga e’tibor qarataylik: taajjub, nihoyatda kam odam o‘z haqiqiy didiga ega.
Xuddi shunday, so‘z bilan munosabatning, uni muayyan odamga mos ravishda, mohiyatiga muvofiq qilib yetkazishning qiyinligini esa, mutlaqo kamchilik anglaydi. Ayrimlar uchun ular so‘z ishlatayotganday ko‘rinadilar. Biroq – hatto taxmin qilganimizdan ko‘ra ko‘proq – aynan so‘z boshqaradi bu odamlarni. Ammo bu, albatta, hech qanday holatda ham, chiqish yo‘li – odamni sukutga cho‘mdirish, degani emas, bu zindonda yolg‘izlik va ishonchsizlik bor. Inson o‘z-o‘zidan inson bo‘lib qolmaydi. Faqat bepoyon “so‘z ummoni”da suzishni o‘rgansagina Insonga aylanadi.
(Davomi bor)
Rus tilidan OYDINNISO tarjimasi