Haftaning har shanba va yakshanba kunlari O‘zAda jahon adabiyotining buyuk vakili Chingiz Aytmatov va yapon mutafakkir-adibi Ikeda Daysakuning turli mavzulardagi suhbatini e’tiboringizga havola etib boramiz. Suhbat Chingiz Aytmatovning «Buyuk ruh qasidasi» nomli kitobidan tarjima qilingan...
(Davomi. Oldingi qismi 30 iyulda e’lon qilingan)
Ch.Aytmatov: – Shunday. Ammo menga davom ettirishga ruxsat bering: “Bo‘lgan va bo‘lmagan tarix – hech qachon tuganmas ertakni xalq yodidan chiqarmaydi. U yorug‘likka yo‘l ko‘rsatuvchi rishta. Yoki, to‘g‘rirog‘i, unda insoniyat o‘xshashi yo‘q mamlakat – kelajakning eshigini ochguvchi oltin kalit bor. U hamisha oldinda.Hozir esa, mening yosh do‘stim, sendan ajoyib shoirning mana bu so‘zlarini o‘ylab ko‘rishingni so‘rayman: “Dunyoda insoniyat tafakkuri mo‘’jizasini boshi berk ko‘chaga kirgizib qo‘ya oladigan biror bir mo‘’jiza yo‘q”. Bu Boris Pasternak. Demak, inson hamisha qo‘l bilan yaratilmagan dunyoning yaralish mo‘’jizasini boshdan kechirishga qodir. Va u, kerak bo‘lsa, ming yilliklarga loqayd ko‘z bilan qaraydigan yaratiqlardan kattaroqdir. Kattalarning yaxshisi, ajabtovur inson, o‘qituvchi, ko‘pgina ertaklar va realistik yo‘nalishdagi “Agar yana kichkina bo‘lib qolsam” kitobi muallifi Yanush Korchak ham shuni orzu qilmaganmidi? Kichkina bo‘lish – Pahlavonga aylanishdir. Hazillashayotganim yo‘q. Qo‘rqinchli kuch izmida bo‘lgan va u bilan kurashayotgan bolaga kimdir muammosiz yordam bera olsa, u qo‘rqmas va beminnat jo‘mard kabidir. Ana shunday qilib u noma’lum raqib bilan yakkama-yakka jangga kirishadi. Va qat’iy g‘alaba qozonadi. Nega? Chunki u o‘zi uchun emas, xo‘rlangan va mahrum qilinganlar baxti uchun kurashadi. Va bu – boqiy ertaklarga so‘zsiz ishonish – ayniqsa, bugun ahamiyatli. Fantastik asarlar – hayot metaforasi, u kutilmaganda ko‘z tashlab, yangicha ko‘rishga chorlaydi. Bizning asrimizda metaforalar nafaqat ilmiy-texnik yutuqlarning kechagi fantastikaga kirib borishi, balki hammasidan burun, yashab turganimiz fantastik dunyo bo‘lgani uchun ham nihoyatda zarurdir. Xuddiki qadim o‘tgan zamonlarda ertakni o‘ylab topgan odam, bo‘lgan yo bo‘lmagan kelajakni bashorat qilganday va... u uchun yoshlarni tayyorlaganday, ularning onggi va yuragini sinovdan o‘tkazib, hozirgilar kabi qaltis vaziyatlarda ham titramaydigan, ozgina mardlik va irodaga muhtoj qilib tarbiyalaganday. Ertaklar eskirib, bo‘lgan voqeaga aylanadimi? Shunday javob beraman: yulduzlar-chi, eskiradimi? Dunyo hamisha yangilanadi – u bolalar yuragida yangidan tug‘iladi. Mana, nima uchun ertak – hayotning abadiy yuragi, garchand u – alohida tarixiy voqea, insoniyat ongi taraqqiyotida alohida bir davr bo‘lsa ham. Shuning uchun u – takrorlanmas, chunki u o‘zida “mo‘’jiza” – biz, turli davr va xalqlarning behush yashagan va ba’zida uyg‘ongan odamlari haqidagi xushbaxt xotirani asraydi.Bu nima haqida so‘zlaydi? Biz hammamiz qarashli bo‘lgan yagona insoniyat haqida. Ertak mohiyatiga ko‘ra internatsionaldir. Kavkazlik shoir bejiz aytmagan: Bir tilda yig‘lagay barcha odamlar,Va bir tilda kulishar ular.Xursandman, mening yosh do‘stim, jahon xalqlarining ko‘p ertaklarini birinchilardan bo‘lib o‘qish arafasida turibsan. Hammasi bir “tom” ostida yig‘ilgan, ular, hamma narsani chetlab o‘tib, senga Uyingni va bir xil tashvish, orzu-umid bilan yashovchi Odamlarni sevishni o‘rgatadi”.Bemavrid badihago‘yligim uchun kechiring. Ammo bolalar kitoblarining taqdiriga loqayd qarashga hech kimning haqqi yo‘q. Bolalar kitoblari ko‘zlarni ochib yuboruvchi yangilik kutmoqda...
Ikeda: – Aslini olganda, ertak uchun chegara yo‘q, chunki ularda butun insoniyatni to‘lqinlantuvchi mavzudan foydalaniladi. Lekin ertak nafaqat internatsional, balki kosmik xarakterga ham ega. Bu faqat yunon mifologiyasiga xos emas. Masalan, qadimiy yapon rivoyati “Taketori monogatari”da malika Kaguya-Xime oyga qaytib ketadi. Erkin ijod Fazo bilan aloqa o‘rnatayapti. Bir mashhur yapon olimi fikr qiladi: fizika bilan shug‘ullanish uchun yunon afsonalarini o‘qish kerak. Uning aytishicha, yunon afsonalaridagi o‘y-xayol, tasavvur ilm-fanning rivojlanishiga imkon tug‘diruvchi ijod olami bilan qarindosh. Fantastika olamining bosh qahramonlarini bolalik idrokini boy bermagan bola – shoirlar yaratadilar. “Muz erisa nima bo‘ladi?” degan savolga kattalar odatda: “Suv” deb javob berishadi. Bolalar esa: “Bahor keladi”, deydilar. Bolalarning javobida tasavvur bor, shoirlik bor. Unda tabiat jonlanadi, Fazo nafasi seziladi. Bolaning javobi bilan solishtirganda kattalarning javobi qanchalar quruq va rangsiz! Bu zamonaviy odamlar aql va ilm-fanga berilib ketib, qancha ko‘p narsa yo‘qotganidan dalolat beradi.Yuqorida ta’kidlaganimdek, ertak, afsonalar kosmetik xarakter kasb etadi. Yaponiyadagi shu bilan bog‘liq sevimli ertaklardan biri Kendzi Miyadzav qalamiga mansub “Somon Yo‘lidagi tun”dir. Bu shunchaki bolalar ertagi, afsonaviy mazmun da’vo qilmaydi. Unda muallif Somon Yo‘liga sayohatga chiqqan bolaning ruhiy yuksalishini ko‘rsatadi. Somon Yo‘lining temir yo‘li bo‘ylab istalgan joyga sayohat qilish imkonini beruvchi chipta bolaning qo‘liga tushib qoladi. Qayerdandir ovoz keladi: “Chiptangni mahkamroq tut! Endi sen ertaklardagi temir yo‘lda emas, balki katta qadamlar bilan alanga oralab va chin dunyoning jo‘shqin to‘lqinlari ichra sayr qilasan...” Bu so‘zlar juda ta’sirli yangraydi. Ular hatto chiroyli tasavvur ichidan turib e’tiqodga ruhlantiradi. Magnitli kompas mili hamisha shimolni ko‘rsatgani kabi afsonalar va bolalar ertaklarida odamlarning qalblarini abadiy yorituvchi va bog‘lovchi nur bor.
(Davomi bor)
Rus tilidan OYDINNISO tarjimasi