Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Chingiz Aytmatovning so‘nggi iqrorlari
16:24 / 2022-07-30

Haftaning har shanba va yakshanba kunlari O‘zAda jahon adabiyotining buyuk vakili Chingiz Aytmatov va yapon mutafakkir-adibi Ikeda Daysakuning turli mavzulardagi suhbatini e’tiboringizga havola etib boramiz. Suhbat Chingiz Aytmatovning «Buyuk ruh qasidasi» nomli kitobidan tarjima qilingan...

(Davomi. Oldingi qismi 24 iyulda e’lon qilingan)

Endi – “urf” haqida. Mendan odatda Xemingueyni yaxshi ko‘rish-ko‘rmasligim haqida xijolatomuz so‘rashadi. Xijolatpazlik sababini men tushunaman, Xemingueyga taqlid qilganmanmi-yo‘qmi, bilmoqchi bo‘lishadi. “Chol va dengiz”ning qahramoni va “Sohil bo‘ylab chopayotgan olapar”ning qahramoni baliq bilan gaplashgan bo‘lsa, bunda taqlid bormi? Ha, ular – ma’naviy birodarlar. Va shunga o‘xshash vaziyatga tushib qolgan odamlar, tabiiy kuchlar oldida to‘satdan – hayotining eng muhim lahzasida – qachondir ular shu tabiiy kuchdan yaralgan bo‘lib, odam sifatida dunyoga kelganini va endi hech bo‘lmasa o‘lim oldidan ham uni la’natlashga haqqi yo‘qligini, balki aksincha, unga, asoschi onasiga munosib ekanini isbotlash kerakligini “eslab qolishadi”. Bu yerda manmanlikka ishora ham yo‘q. Ular, ayni daqiqada, menimcha, tiriklikning eng yuqori nuqtasini boshdan kechirmoqdalar, hayot ularga hamisha ham his ettirmaydigan kuchli ehtiros, nihoyat, she’r shaklida yuzaga chiqadi.   

Sizga ham bu yerda o‘z-o‘zidan: odam o‘lim oldidagi qo‘rquvni yengish uchun shoir bo‘lishi kerak, degan xulosa kelib chiqadiganday tuyulmaydimi?

Axir, bugun zamonaviy sivilizatsiyaning “ommaviy madaniyat”idan aynimagan har qanday odam – tabiatning tabiiy shoiri. “She’r yozgan odam emas, she’riyatdan o‘lgan odam shoirdir”, – deydi Nabokov. Ammo o‘lim uning uchun yo‘qlikni anglatmaydi. U ko‘proq – evrilish, bu olamda butunlay boshqa bir obrazda paydo bo‘lish imkoniyati. 

Ikeda:  bugungi tuzalmas ratsionalistlar, hech shubhalanmay, masalan, Ovidining “Metamorfozalar”ini qadimiy afsonalarning shoirona qayta ishlangani, deb hisoblaydilar. Bu hodisa shunisi bilan qiziq: quldorlik davrida “realizm” nima edi va san’atda qanday ifodalangan? O‘zini qanday isbotlagan?     

Ch.Aytmatov: – Avgust shoirlarni faqat ishqiy lirikasi uchun surgun qilmagandir, deb o‘ylayman. 

Ikeda:  Aniqrog‘i, shu. Har qanday totalitar davlat, har qanday diktatura ertakdan, asosida o‘z boshqaruviga, odamlarni qat’iy, temir qonun-qoidalar orqali idora qilayotgan yakka shaxsning huquqiga tahdid soluvchi g‘oya yotmaganmikan, deya shubhalanadi. Axir ertak – bu ishora, o‘zgacha ko‘rinishdagi hayot, o‘zgacha qarashdagi insoniy munosabatlar nishoni, u orqali xalq o‘zi orzu qilgan turmush tarzini ifoda etish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Shuning uchun ham sizni yana savolimning avvaliga qaytishga undayman, bu boradagi fikringizni bilmoqchiman. 

Ch.Aytmatov: – “Bolalar adabiyoti” nashriyoti ikki jildli “Jahon xalq ertaklari”ga so‘zboshi yozib berishimni so‘radi. O‘ylab ko‘rishni va’da qildim. Ochig‘ini aytsam, shunchalik qiziq taklif bo‘lishiga qaramay, deyarli rad etmoqchi bo‘lib turgandim. Eh, vaqt... vaqt... Endi esa rad etmayman. Qarshilik qilmasangiz, tug‘ilayotgan matndan ayrim qaydlarni batafsil gapirib bersam. Ehtimol, mana bunday boshlarman: “Dunyodagi birinchi ertak qanday tug‘ilgan? Uni kim yaratgan? Buni biz bilolmaymiz. Ammo nega soch-soqoli oqargan qadimgi odam ko‘z ilg‘amas nimanidir ifodalashga ehtiyoj sezganini taxmin qilishim mumkin, quvonch yoki qayg‘u to‘la qaynoq tuyg‘ular, parvozga chanqoqlik yoki fazoda uchib yurgan bug‘u bilan, gurkirab shovqin solayotgan o‘t-o‘lanlar, tungi fazo cheksizligida miltillab uchayotgan yulduzlar bilan – Tabiat bilan qon-qarindoshlik tuyg‘usi uni qattiq to‘lqinlantirgan. Tabiat uning uchun tirik bo‘lgan. Nafas olgan. Gapirgan. O‘rgatgan. Ogohlantirgan. Va shuningdek, qandaydir buyuk siri bilan  doimiy o‘ziga jalb etgan. Uning tagiga yetishga urinish asnosida inson ko‘proq va yana ko‘proq insonga aylangan. Chunki atrofni o‘rab turgan ko‘zga ko‘rinmas ajib kuchlarni va ko‘rinib turgan tevarak-atrofni shunchaki kuzatmagan, xuddi musavvir kabi xayol qilgan. U olamning ajoyib ulug‘vor suvratini chizgan, unga ilhom berib, qalbini zabt etgan bu – go‘zal va dahshatli yaratiqlarning ajib mohiyati, ular o‘rtasida yuz bergan va yuz beruvchi poyonsiz o‘zaro kurashlar. Yaxshilik va yomonlik o‘rtasidagi abadiy nizo...” 

Ikeda:  Afsonalarda, siz aytganingizday, tabiat va inson bilan bog‘liq chuqur kuzatuvchanlik, donishmandlik bor. Biroq hozirgi bolalar afsonalar bilan rasmli kitoblar orqali yoki televideniye yordamida tanishmoqda, bunday ishlov ko‘pincha asarning vaznini yengillashtiradi, ba’zan esa soxta xarakter kasb etadi.  Ayniqsa, keskin afsonalar haqida gap ketganda bu ko‘proq ko‘zga tashlanadi. Ularni bolalarga yomon ta’sir qilishi mumkin, degan bahona bilan ayamay qisqartirmoqda yoki yumshatmoqda.  Misol uchun, Yaponiyada “Katikatiyana” nomli qadimiy ertak bor. Bo‘rsiq momoni o‘ldirib, undan sho‘rva qaynatib, boboga ichirdi, deb aytib berishardi uni ko‘pincha. Bu ertakni juda keskin deb hisoblashdi, kampirning o‘ldirilishini o‘zgartirishdi: go‘yo bo‘rsiq o‘ldirmagan, boshiga urgan emish. Kampirdan pishirilgan sho‘rva tarixini esa qisqartirib tashlashdi. Lekin mashhur yapon ruhshunoslarining ta’kidlashicha, ertaklardagi qahri qattiqlik bola yuragini qotirmaydi va hayotda bunday shafqatsizliklarni takrorlashga aslo ishtiyoq uyg‘otmaydi. Ko‘pincha aksi bo‘ladi, qahrli ertak yoki afsonalarni eshitgan va yuragidan kechirgan bolalarda beshafqat xatti-harakatga bo‘lgan mayl yo‘qoladi. Keskin afsonalarni qayta ishlash va soxtalashtirish – faqat Yaponiyaga xos xususiyatga ega bo‘lgan hodisa emas. Bunda, menimcha, zamonaviy dunyoning patologiyalaridan biri bo‘lmish umumiy riyokorlik belgilari ko‘rinadi, shafqatsizlik, o‘lim kabilarga yovuzlik deb qarashni emas, ularni sezmayotgandek chetlab o‘tishni afzal bilishadi. Shunday qilib, o‘lim kasalxona karavotiga haydaladi, avvaldan va mazmunan o‘limga yuz tutishi ma’lum bo‘lgan odamning jonini oladi, oldingi ishratparastlik endi ichkilikbozlikka aylanadi. Bunaqa beziyon, bichilgan shart-sharoitda dovyurak, bardoshli, sog‘lom bolalarni tarbiyalab bo‘lmaydi.  (Davomi bor)

Rus tilidan OYDINNISO tarjimasi