Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Chingiz Aytmatov turk dunyosining suyukli farzandi
13:59 / 2022-12-10

Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida Turkiy Davlatlar doirasida tashkil etilgan Alisher Navoiy nomidagi xalqaro mukofot sohibi Chingiz Aytmatov tavalludining 94 yilligiga bag‘ishlangan «Chingiz Aytmatov turk dunyosining suyukli farzandi» mavzusidagi ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Unda yozuvchi va shoirlar, ma’naviyat targ‘ibotchilari, professor-o‘qituvchilar, talaba-yoshlar, adabiyot muxlislari ishtirok etdi.

Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti rektori Inomjon Majidov, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, xalq shoiri Sirojiddin Sayyid, «Jahon adabiyoti» jurnali bosh muharriri Ahmadjon Meliboyev va boshqalar milliy adabiyotimizda kechayotgan bugungi ibratli jarayonlar, ijod ahliga ko‘rsatilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlik xususida batafsil so‘z yuritdilar.

Anjumanda ta’kidlanganidek, ustoz adib Chingiz Aytmatovning «Jamila», «Sarvqomat dilbarim», «Bo‘tako‘z», «Birinchi muallim», «Bo‘tako‘z», «Somon yo‘li», «Alvido, Gulsari», «Oq kema», «Sohil yoqalab chopayotgan olapar» va boshqa asarlari o‘zbek kitobxonlar ga yaxshi tanish. Shu bilan birga «Asrga tatigulik kun», «Qiyomat», «Kassandra tamg‘asi» kabi asarlarida nainki bir xalq, balki butun bashariyatga taalluqli dolzarb masalalar bosh mavzu sifatida ko‘tarilgan.

Chingiz Aytmatov o‘zbek adabiyoti, umuman xalqimiz hayoti, ma’naviyatiga befarq bo‘lmagan adib sifatida ham o‘zbekistonliklar qalbidan chuqur joy olgan ijodkor edi.  Yozuvchining qariyb hamma asari o‘zbek tilida nashr etilgan.

Anjumanda Chingiz Aytmatovning asarlari, ularda ilgari surilgan insonparvar g‘oyalar, adib ijodining bugungi kundagi ahamiyati xususida batafsil so‘z yuritildi.

Nazokat Usmonova, O‘zA