Andijon davlat pedagogika institutida “Chingiz Aytmatov – tinchlik va do‘stlik elchisi” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi. Tadbirda O‘sh davlat universiteti, O‘sh davlat qirg‘iz-o‘zbek xalqaro universiteti, Jalolobod davlat universiteti professor-o‘qituvchilaridan iborat qirg‘izistonlik mehmonlar ishtirok etdi.
Taniqli adib va jamoat arbobi Chingiz Aytmatov nafaqat qirg‘iz xalqining ulug‘ yozuvchisi, balki XX asr jahon adabiyotining yirik namoyandalaridan biri hisoblanadi. Adib ko‘plab xalqaro mukofotlar sohibi, qolaversa, O‘zbekiston Respublikasining “Do‘stlik” (1995), “Buyuk xizmatlari uchun” (1998) ordenlari bilan taqdirlangan.
Anjuman ishtirokchilari dastlab, institut binosida Chingiz Aytmatov hayoti va ijodiga bag‘ishlab tashkil etilgan foto va kitoblar, hunarmandchilik buyumlari ko‘rgazmalari bilan tanishdi. Tadbirning ochilish marosimida Andijon davlat pedagogika instituti rektori Baxtiyorjon Rasulov, O‘sh davlat universiteti qirg‘iz filologiyasi va jurnalistika fakulteti dekani Nurmamat Turganboyev, Andijon viloyati Qirg‘iz milliy-madaniy markazi rahbari Obidjon Nosirov va boshqalar ulug‘ adib Chingiz Aytmatovning hayoti va ijodini o‘rganish, tadqiq etish, anjumanning ilmiy ahamiyati, ikki qo‘shni xalq o‘rtasidagi qo‘shnichilik, adabiy, ilmiy aloqalarni yanada mustahkamlash borasidagi ishlar, mamlakatimizdagi millatlararo do‘stlik xususida gapirdi.
[gallery-9945]
Anjumanda ulug‘ adib ijodiy merosining ahamiyati, asarlarida tarannum etilgan yuksak insoniy fazilatlar, adibning yirik jamoat arbobi sifatidagi faoliyati, turli xalqlar o‘rtasidagi do‘stlikni mustahkamlashga qo‘shgan beqiyos xizmatlari haqida so‘z yuritildi. Xususan, adabiyotshunoslar tomonidan “Chingiz Aytmatov asarlarida xalqlar do‘stligi”, “Chingiz Aytmatov ijodining jahon adabiyoti rivojidagi o‘rni”, “Chingiz Aytmatov asarlarida tabiat manzaralari va inson ruhiyatining chizgilari”, “Chingiz Aytmatov ijodida folklordan foydalanish san’ati” singari qator mavzularda qiziqarli ma’ruzalar o‘qildi.
– Chingiz Aytmatov ijodi, uning betakror asarlari jahon adabiyotining eng sara namunalari hisoblanadi, – deydi Andijon davlat pedagogika instituti rus tili va adabiyoti kafedrasi mudiri Mahbubaxon Temirova. – Shu bois ham adibning ko‘plab asarlari jahonning qator tillariga, jumladan, o‘zbek tiliga tarjima qilingan va o‘zbek xalqi tomonidan sevib o‘qiladi. Adibning asarlari xalqchiligi, o‘qilishining ravonligi, kitobxonni mushohadaga chorlashi bilan ham ahamiyatlidir.
Yurtimizda, adib ijodi, hayoti va faoliyatini o‘rganish, targ‘ib etishga alohida e’tibor qaratiladi. Jumladan, Prezidentimiz qarori bilan 2018 yilda Chingiz Aytmatov tavalludining 90 yilligi keng nishonlandi, o‘zbek tiliga tarjima qilingan qator asarlar qayta chop etildi. Mazkur ishlar jahonga mashhur yozuvchining shaxsi, uning ijodiy merosi bilan bir qatorda, qirg‘iz xalqiga bo‘lgan hurmat namunasidir. Ayni kunda institutning rus tili va adabiyoti fakulteti qirg‘iz tili yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalar tomonidan Chingiz Aytmatovning tarbiya, inson ruhiyati, millatlararo do‘stlik, sevgi muhabbatni tarannum etuvchi “Oq kema”, “Jamila”, “Sarvqomat dilbarim” singari qator asarlarini o‘rganish va targ‘ib etish bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar olib borilmoqda.
– Adabiyot inson ma’naviy dunyosi, tafakkurini boyitishda chegara bilmas vosita ekanligiga Chingiz Aytmatov ijodi orqali amin bo‘lamiz, – deydi O‘sh davlat Qirg‘iz-o‘zbek xalqaro universiteti qirg‘iz filologiyasi kafedrasi mudiri Baktigul Ismoilova. – Qolavera, ulug‘ adib ijodiga bag‘ishlangan bu kabi tadbirlar tufayli xalqlarimiz bir-biri bilan yanada yaqinlashmoqda. Men O‘zbekistonda Chingiz Aytmatov ijodiga qiziqish o‘ta yuqori ekanligi, uning asarlari ko‘p o‘qilishiga, eng asosiysi, Andijonda qirg‘iz tilida o‘qitiladigan maktablar faoliyat ko‘rsatayotganligidan, oliy o‘quv yurtlarida esa qirg‘iz tili bo‘yicha oliy ma’lumotli mutaxassislar tayyorlanayotganidan juda quvondim. Bu qirg‘iz tiliga, shu yurtda yashayotgan qirg‘iz millati vakillarga ko‘rsatilayotgan e’tiborning amaldagi namunasidir.
Anjumanda institut talabalarining adib ijodi haqidagi o‘zbek va qirg‘iz tillaridagi chiqishlari, Chingiz Aytmatov asarlari asosida namoyish etilgan sahna ko‘rinishlari barchada katta taassurot qoldirdi. Yakunda anjumanning bir guruh faol ishtirokchilariga sertifikatlar topshirildi.
F. UBAYDULLAEV,
Z. UMRZOQOV (foto), O‘zA