Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Chinakam islohotlar elning farovonligini taʼminlaydi
15:07 / 2020-08-29

Istiqlol solnomasiga nazar tashlasak, har bir yilning oʻz muammosi va yutuqlariga guvoh boʻlamiz. Shiddat bilan oʻtgan va oʻtayotgan har bir kunimiz qaysidir yutuq va muammolari bilan esda qoladi.


Istiqlol solnomasiga nazar tashlasak, har bir yilning oʻz muammosi va yutuqlariga guvoh boʻlamiz. Shiddat bilan oʻtgan va oʻtayotgan har bir kunimiz qaysidir yutuq va muammolari bilan esda qoladi. Jamiyatning barcha jabhalaridagi kamchilik va xatolarimizga nazar tashlab gohida xulosa chiqarsak, gohida uzoq yillik istiqbolli rejalarimizga zamin hozirlaymiz.

Bugun Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida olib borilayotgan istiqbolli islohotlarning tag zamirida, nazarimda ana shunday xulosalar mujassam. Yaʼniki, kechagi kunning xatolaridan oqilona xulosa chiqarilib, oʻz vaqtida zamirida inson taqdiri turgan odilona qarorlar qabul qilinayapti. Davlat idoralari insonning qadrini koʻtarish, ijtimoiy adolat va aholini rozi qilish tamoyili asosida ish yuritishga oʻtganligi muhtaram yurtboshimiz boshlab bergan islohotlarning dastlabki bosqichidir.

Shu maʼnoda davlatimiz rahbarining 2017-yil 1-iyundagi “Davlat veterinariya xizmati boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi, 2019-yil 28-martdagi «Veterinariya va chorvachilik sohasida davlat boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi farmonlari, 2017-yil 1-iyundagi “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat veterinariya qoʻmitasi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi, 2019-yil 18-martdagi “Chorvachilik tarmogʻini yana-da rivojlantirish va qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi, 2019-yil 28-martdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi, 2020-yil 29-yanvardagi “Chorvachilik tarmogʻini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorlarining qabul qilinganligini, shubhasiz veterinariya va chorvachilik sohasidagi yillar davomida yigʻilib qolgan muammo va kamchiliklarni bartaraf etish borasidagi islohotlarning ilk bosqichi desak sira mubolagʻa boʻlmaydi.

Binobarin, mazkur farmon va qarorlar amaliyotga tatbiq etilishi natijasida bugunga kelib chorvachilik bilan shugʻullanuvchi fermer xoʻjaliklari soni 6 ming nafardan oshdi.

Joriy yilda chorvachilik sohasi va uning tarmoqlarida mahsulot ishlab chiqarishni koʻpaytirish boʻyicha 1,3 trln soʻmlik 685 ta loyihalar amalga oshirildi va yil yakunigacha yana 2 trln soʻmlik 488 ta loyihalar ishga tushiriladi.

Shuningdek, shu yilning oʻzida sanoat usulida ish yuritadigan jami 143 ta, shundan 66 ta sut yoʻnalishida va boʻrdoqchilik yoʻnalishida 77 ta yirik komplekslar ishga tushirildi.

Bugungi kunga kelib, 1000 boshdan ortiq qoramol boqishga moʻljallangan xoʻjaliklar soni 36 taga, 300 boshdan ortiq boʻlganlari esa 307 taga yetkazildi va bu ishlar jadal davom etmoqda.

Nafaqat yurtimiz, balki dunyoning barcha davlatlari uchun jiddiy sinov pallasi hisoblangan koronavirus pandemiyasi davrida mamlakatimizda chorvachilik mahsulotlari taqchilligi yuzaga kelmaganligini, chorva mahsulotlari narxi barqarorligini veterinariya va chorvachilik sohasida davlatimiz rahbari boshlab bergan islohotlarning dastlabki samarasi desak xato aytmagan boʻlamiz.

Albatta, hali oldinda amalga oshiradigan ishlarimiz bisyor. Ayni paytda Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi mutaxassislari sohaga doir uzoq yillarga moʻljallangan istiqbolli strategiya ishlab chiqmoqda. Yurtimizni dunyoning chorvachilik sohasi rivojlangan davlatlar safiga olib chiqish borasidagi rejalar xususida izlanishlar olib borayapti. Yaqin kelajakda ana shunday istiqbolli rejalarimizni amaliyotga tatbiq eta boshlasak, prezidentimiz boshlab bergan keng koʻlamli islohotlarga oʻz hissamizni qoʻshgan boʻlamiz.

Zero, chinakam islohotlar yurtning ertasini, elning farovonligini taʼminlaydi!

Bahrom NORQOBILOV,
Veterinariya va chorvachilikni
rivojlantirish davlat
qoʻmitasi raisi.