Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Chin ma’noda nurli maskan: nuroniylar holidan xabar olindi...
12:13 / 2021-10-28

Boquvchisini yo‘qotgan, yolg‘iz qariyalar holidan xabar olib, ularga mehr ulashish, duolariga sazovor bo‘lish eng savobli amallardan sanaladi.

O‘zbekiston Milliy axborot agentligi jamoasi Urush va mehnat faxriylari uchun Respublika pansionatiga borib, urush va mehnat faxriylari holidan xabar olinib, moddiy yordam hamda eng yaxshi asarlar, gazeta va jurnallar taqdim etildi.

Pansionat direktori Farangiza Akramova boshchiligida nuroniylar uyini kuzatar ekanmiz, u yerdagi yashayotgan yoshi ulug‘ onaxonu otaxonlar bizni chin ma’noda quvonch bilan kutib oldi.

92 yoshli Fotima ona o‘z xonasida mezbon jurnalistlarni kutib olar ekan, ko‘zlari tinmay yoshlanardi. Biroz ovutganimizdan so‘ng onaxon ulug‘ yoshda ham ko‘zoynaksiz holda Erkin Vohidovning ona tili haqidagi she’rini gazetadan o‘qib berdi. Shundan so‘ng yana ko‘zlariga yosh olar ekan, «Yig‘loqi onaxon ekan», deb o‘ylayapsizlarmi, buning hammasi quvonchdan», dedi. Onaxon suhbat asnosida beg‘uborlik bilan rahbarlari tomonidan sovg‘a qilingan libosini maqtab qo‘yishni ham unutmadi.

90 yoshli Zudiya ona esa, urush yillarida bir burda non uchun qilgan mehnatlarini bugunning barokotli kunlariga solishtirib, shukr qilishga undadi.

Darhaqiqat, bugun nuroniylar uyi chin ma’noda nurli maskanga aylantirildi.

Keksalar uchun shinam oshxonada 5 mahal ovqat o‘z vaqtida tayyorlanadi, Prezidentimiz tashabbusi bilan madaniy hordiq olishlari uchun alohida bino qad rostlamoqda.

Uning ikki tomonidan keksalar hordiq olishlari uchun bog‘lar barpo etilmoqda.

Ushbu maskanning avvalgi ahvolini va bugungi ko‘rinishini solishtirish imkoni bo‘lsa, bunga guvoh bo‘lsangiz, shubhasiz hayratlanasiz.

Muassasa rahbarining g‘ayrati va ishchanligi yaqqol seziladi.

«Urush va mehnat faxriylari uchun Respublika pansionatida yashayotgan onaxonu otaxonlar uchun biz farzand bo‘lib xizmat qilamiz. Nimaga erishayotgan bo‘lsak, avvalo ularning duolari va roziliklarini olib erishyapmiz. Buning uchun davlatimiz rahbari va homiylarimizga tashakkur aytamiz», deydi muassasa rahbari Frangiza Akramova.

O‘zA vakillari nuroniylarning nafaqat so‘zlaridan, balki ko‘zlaridan ham mamnunlikni payqay oldi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 25 martdagi «Keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, «Saxovat» va «Muruvvat» internat uylari tizimini yanada rivojlantirish to‘g‘risida»gi farmoniga muvofiq ezgu ishlar yanada bardavom bo‘lib boraveradi.

Abdulaziz RUSTAMOV, Shuhrat NE’MATOV, Nishonboy ABDUVOITOV (surat), O‘zA