Farg‘ona viloyati hokimligi hamda O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi viloyat bo‘limi hamkorligida “Chimyon” sihatgohida tashkil etilgan mediaforum yakunlandi.
Bir hafta mobaynida yurtimizning turli hududlaridan kelgan ommaviy axborot vositalari xodimlari o‘zaro tajriba almashdi, malaka va mahoratini oshirdi. Shu bilan birgalikda sog‘ligini tiklab, madaniy hordiq chiqarishdi.
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining «Jahon» axborot agentligi bosh direktori Sadriddin Suyarov, O‘zbekiston Elektron ommaviy ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi raisi, O‘zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori Sherzodxon Qudratxo‘jayev, “Jahon adabiyoti” jurnali bosh muharriri Ahmadjon Meliboyev Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari Umidjon Jabborov, Doniyor G‘aniyev ishtirokidagi yuzma-yuz muloqotda o‘zbek matbuotida maktab yaratgan ustozlar ibrati, jurnalistikaning bugungi muammolari va istiqboli, qonunchilikdagi o‘zgarishlar xususida fikr yuritildi.
Tajribali ekspertlar axborot texnologiyalari jadal rivojlangan AQSH, Yaponiya, Xitoy, Janubiy Koreya tajribasi xususida to‘xtalib, bu davlatlarda ijtimoiy tarmoqlar jadal rivojlanganiga qaramay, bosma davriy nashrlar ham million-million adadda chop etib kelinayotganini ta’kidlashdi. Shu ma’noda har qanday sharoitda ham gazetalar yashab qolishi kerakligiga urg‘u berildi. Jurnalist faoliyatidagi muhim mezonlarga e’tibor qaratilib, axborotning ishonchliligi, faktlarning to‘g‘riligi hamda xolislik katta o‘rin tutishi haqida bahs-munozaralar bo‘ldi. Mediaforumda ishtirok etgan "Amerika ovozi" muxbiri Navbahor Imomova bu boradagi tajribalari bilan o‘rtoqlashdi.
– Dunyoda sifatli ma’lumot ko‘p, – deydi N. Imomova. –Hozir har birimizning o‘z haqiqatimiz bor. Haqiqat bu bizning fikrimiz, voqelikka nuqtai nazarimiz emas, balki xolislik tamoyillariga asoslangan axborotdir. U jurnalist uchun kim, nima, qayerda, nima uchun degan savolga javob. Jurnalistika faoliyati bugun nihoyatda qiyinlashgan. Bu jarayonda xolislik va betaraflikni asrab qolishimiz muhimdir. Dunyoni xolis informatsiyaga asoslangan ishonchli axborot tebratyapti. Xolislik tamoyili, mantiqan fikrlash qobiliyati jurnalist uchun eng muhim jihat bo‘lishi kerak.
O‘ninchi bor o‘tkazilgan mediaforum barcha ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi. Bu kabi muloqotlar ularning faoliyati samaradorligini oshirish, hududlararo jurnalistlar o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish kabi ezgu maqsadlarga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
[gallery-6227]
M.Sulaymonov, O‘zA
M. Qodirov olgan surat