FOTOREPORTAJ
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Chimboy tumanida ommaviy axborot vositalari vakillari uchun press-tur tashkil etildi. Unda hudud aholisi bandligini ta’minlash va tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashda bank tizimi tomonidan yaratilayotgan imkoniyatlar bilan tanishtirildi.
Dastlab jurnalistlar aksiyadorlik tijorat “Agrobank”, “Xalq banki” hamda “Mikrokreditbank”ning Chimboy tumani filiallarida bo‘lib, iste’molchilarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar va yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.
— 2025-yilda filialimizga biriktirilgan 6 ta mahallada istiqomat qiluvchi, uy sharoitida tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yishni maqsad qilgan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Biznesga birinchi qadam”, “Biznesga ko‘mak” va “Mahalla loyihasi” dasturlari asosida 8 milliard 663 million so‘m kredit ajratildi. Natijada 342 nafar fuqaroning bandligi ta’minlandi, — deydi “Agrobank” Chimboy tumani filiali rahbari Rustam Sodiqov. — Shuningdek, “Uychi tajribasi” doirasida o‘tkazilgan uchrashuvlarda 100 ga yaqin murojaat ijobiy hal etildi. “Sayxunobod” tajribasi asosida esa 281 ta mikroloyiha amalga oshirilib, 314 nafar fuqaro bandligi ta’minlandi.
[gallery-27771]
Press-tur davomida jurnalistlar bank ko‘magida o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘ygan tadbirkorlar bilan ham uchrashdi. Jumladan, o‘tgan yili “Agrobank”ning Chimboy tumani filialidan 7 yil muddatga 1 milliard so‘m imtiyozli kredit olib, 1 gektar 70 sotix yer maydonida issiqxona tashkil etgan “Qobulovlar oilasi” mas’uliyati cheklangan jamiyati faoliyati o‘rganildi. Xo‘jalikda pomidor va bodring yetishtirilib, hosil olinmoqda. Ayni paytda bu yerda 15 nafar kishi doimiy ish bilan ta’minlangan.
Shuningdek, jurnalistlar “Xalq banki”ning Chimboy tumani filialidan 7 yil muddatga 5 milliard so‘m imtiyozli kredit olib, to‘yxona qurishni yo‘lga qo‘ygan “Chimboylik Islombek – Albina” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Obodon O‘tepbergenova bilan ham suhbatlashdi.
Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA