Ajdodlarimiz chavg‘on o‘ynatib musobaqalashganlari tarixdan ma’lum. Bugun ham xokkeyning bu turiga e’tibor katta. Shuning uchun mamlakat terma jamoasi xalqaro musobaqalarda peshqadamlarning biri.
Har ish quyidan, ildizi mustahkam daraxt baquvvat bo‘ladi, deyishadi. Qo‘shtepa tumanida sportning chim ustida xokkey turi rivojlangani, uning tarbiyalanuvchilari mamlakat sharafini himoya qilayotgan terma jamoa a’zolari ekani ma’lum. Buning sababi bu yerda fidoyi murabbiylar, iqtidorli sportchi qizlar borligida.
– 8 ta musobaqada ishtirok etdik, – deydi chim ustida xokkey viloyat federatsiyasi ijrochi direktori Abdulhamid Vahobov. – 14 yoshlik qizlarimiz Xorazmda, 16 yoshlilar Farg‘onada ikkinchi o‘rinni egallashdi. 18 yoshli qizlar o‘rtasidagi musobaqada bizning jamoa O‘zbekiston chempioni bo‘ldi. 21 yoshli qizlarimizga esa Andijonda ikkinchi pog‘ona nasib etdi.

Viloyatda 450 nafar chim ustida xokkey bilan shug‘ullanuvchi bo‘lib, uning 105 nafari o‘g‘il bolalar, qolgani qizlardir. Ularga 20 nafar murabbiy chim ustida xokkeyni o‘rgatib kelmoqda.
– Men chim ustida xokkey bilan 7 yildan buyon shug‘ullanaman, – deydi Noila Olimova. – Ko‘p natijalarga erishdik. Masalan, 2025 yilda Indoneziya, Malayziya, Xitoy va Belarusda o‘tgan musobaqalarda ishtirok etdim.
– 9 sinf o‘quvchisiman, – deydi Zulfiya Sohibova. – 7 yildan buyon shug‘ullanaman. 2024 yilda Malayziyada o‘tgan musobaqada ishtirok etib, kumush medal bilan taqdirlandim.

– Bu yerga xokkeyga qiziqib kelganman,– deydi 3-sinf o‘quvchisi Muslima Nomonova. – Bir yildan buyon shug‘ullanaman. Musobaqalarda ham ishtirok etdim. Xorazm va Andijondagi turnirda ikkinchi o‘rinni egalladik.
Xokkeychi qizlardan Muxsina Murodova va Noila Olimovalar O‘zbekiston terma jamoasi tarkibiga olingan. Ular yaqinda Belarusdagi yig‘inda bo‘lib qaytishdi.
2025 yilda Qo‘shtepadagi 23- maktab hududidan yer ajratilib, chim ustida xokkey stadioni, tomoshabinlar uchun o‘rindiqlar, sportning shu turiga mo‘ljallangan bino-inshootlar qurildi. Ammo...

– Ular hozircha sport boshqarmasining ixtiyorida turibdi. Buni na Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, na Sport vazirligi o‘z ixtiyoriga olmayapti, – deydi Abdulhamid Vahobov. –Ko‘rib turganingizdek, bino xonalari bo‘m-bo‘sh. Hech qanday inventar, jihoz yo‘q. Qozonxona qurilgan. Qishning sovug‘ida uni yoqish kerak edi. Buning uchun bizga xodimlar ish o‘rni ajratilishi kerak. Avvalo, Prezidentimizga rahmat, shunday binolarni qurib berganlari uchun. Bunaqa maktab faqat Andijonda bor. Bizdagi ikkinchisi.
Holbuki, O‘zbekiston Respublikasi sport vazirining 2025 yil 15 iyuldagi “Farg‘ona viloyati Qo‘shtepa tumani sport maktabining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash to‘g‘risida”gi buyrug‘ida shunday deyiladi:
“...Qo‘shtepa tumani “Shahartepa” MFY hududida sportning chim ustida xokkey turiga qiziquvchi yoshlar uchun sport maktabi barpo etilganligi inobatga olinsin.

...Barpo etilgan chim ustida xokkey sport inshootini Qo‘shtepa tumani sport maktabi balansiga qabul qilish choralari ko‘rilsin.
Vazir A.Ikramov” Afsuski, vazir buyrug‘i qog‘ozda qolib ketdi, haligacha bajarilmadi. Viloyat sport boshqarmasi rahbari bilan bo‘lgan muloqotda u buyruq bajarilmaganining sababini Qo‘shtepa sport maktabi uchun qo‘shimcha moliyaviy mablag‘ ajratilmagani bilan izohladi. Qolaversa, Maktabgacha va maktab ta’lim vazirligining ham roziligi kerak, dedi u.
Shunday qilib, stadion bor, bino bor, 20 nafar malakali murabbiy ishlayapti. Ammo huquqiy maqom yo‘q. Murabbiylar esa...
– Ular ish haqini Farg‘ona tennis maktabidan, Qo‘shtepa, Quva, Quvasoy, Yozyovon, Toshloq tumanlari sport maktablaridan olishmoqda. Qurilgan chim ustida xokkey maydoniga 6 ta sport turini ham qo‘shib sport maktabi maqomi beriladi, degan umidda yashayapmiz, – deydi Federatsiya ijrochi direktori.

Chim ustida xokkey fidoyisi Abdulhamid Vahobov umid bilan vazir buyrug‘ining ijrosi va moliyaviy qarorlarni kutyapti. Ungacha esa...
– Klyushka (chavg‘on)larni Quva tumani uchun Sport vazirligi olib beribdi. Viloyat hokimi esa ularga boshqa jihozlar ajratib bergan. Bizga esa hech qanday jihoz: to‘p ham, chavg‘on ham berilmadi. Ularni chet elga ketayotgan trenerlarga naqd pul berib oldirib kelyapmiz. Bunda ota-onalar yordam beryapti. Yana bir gap. Musobaqalarga borib kelish uchun harajatlarni qoplaymiz, deyishgan edi. Biz 74 million so‘m o‘z hisobimizdan sarfladik. Barcha hujjatlar bor. Ammo bu pulni berishmadi, unga kuyib qoldik.
Mamlakatimiz hududlarida bironta ham muz ustida xokkey jamoasi yo‘q. Shunga qaramay, poytaxtda “Humo” arenasi qurildi. Xokkey komandalari tuzildi. Ular hatto xalqaro musobaqalarda ishtirok etmoqda.
Barcha viloyat, shahar, tumanda Andijon, Toshkent, Qo‘shtepadagi kabi jamoalarni tuzib chim ustida xokkeyga o‘n emas, yuz minglab yoshlarni jalb etish mumkin. Xo‘sh, unda nega Farg‘ona viloyatining Qo‘shtepa tumanidagi muammolar yechim topmayapti?
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/qKFrXtOcEH4" title="Chim ustida xokkey yordamga muhtoj" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov (video, surat), O‘zA