Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
ChIM USTIDA XOKKEY: O‘zbekiston yana bir sport turi bo‘yicha jahonning yetakchi mamlakatiga aylanadi
17:44 / 2019-09-12

Sportning bu turi bo‘yicha ayni paytda amalga oshirilayotgan ishlar tufayli bunga shubha qolmayapti.


Sportning bu turi bo‘yicha ayni paytda amalga oshirilayotgan ishlar tufayli bunga shubha qolmayapti.

O‘tmishda, sportning bir necha turlari O‘zbekistonni jahon maydonlarida obro‘-hurmat topishiga, mashhur bo‘lishiga xizmat qilgan.

Bularning ichida ro‘yxatning birinchilari qatorida chim ustida xokkeyni misol qilish mumkin. Birgina “Andijanka”, aytish mumkinki, chim ustida xokkey vatani maqomini olishga bosh da’vogar bo‘lgan. Miron Kim tashabbusi bilan tuzilgan jamoa nafaqat O‘zbekiston, balki sobiq Ittifoqda dastlabkilaridan biri bo‘lgan. Aynan shu jamoa sobiq Ittifoq chempionatiga asos solinishida ham bosh rolni bajargan. Sobiq mamlakat terma jamoasiga ustozlik qilgan ham, termaning asosiy tarkibini tashkil qilgan ham andijonliklar edi. Oxir-oqibat, Olimpiada-80da medallardan birini qo‘lga kiritgan sobiq mamlakat terma jamoasi tarkibining ko‘pchiligini o‘zbekistonliklar, aynan andijonliklar tashkil etganini hamma ham eslamas kerak.

Ma’lum davr mamlakatimizda chim ustida xokkey sport turi inqirozga yuz tutdi. Jamoalar kamaydi, musobaqalar cheklandi. Uning kelajagini ko‘ra olmaydigan sportchi va murabbiylar o‘zlarini boshqa sport turiga urishdi, yoki boshqa davlatlarga ravona bo‘lishdi. Miron Dmitrievich ham kelajagini futbolda ko‘rdi va butun shogirdlari bilan futbol jamoasi sifatida shakllandi, bunda ko‘plab muvaffaqiyatlarga ham erishdi. Sababi, yurtimizda chim ustida xokkey sport turiga e’tibor sezilarli ravishda pasaygandi. Mamlakatimizda chim ustida xokkeyga moslashtirilgan, Andijondagi yagona “Xalqlar do‘stligi” maydoni vaqt o‘tib tashlandiq joyga aylandi. Undan futbol uchun foydalanishga urinishdi – chim xokkeyga moslashgan moslamalar olib tashlandi, maydon tekislandi, chim ekildi. Lekin maydon “odam bo‘lmadi”. Bir necha yildirki hayhotdek stadion foydalanishsiz yotdi. Nihoyat... 

Vaziyat o‘zgardi. Mazkur sport turi yana e’tiborga tushdi. O‘zbekiston chim ustida xokkey federatsiyasi raisi Bahodir Ahmedovning tashabbusi va tashkilotchiligi evaziga yana oldingi obro‘sini topa boshladi. Bahodir Majidovich nafaqat ichki sharoitlarni yaxshilash, musobaqalar ko‘lamini kengaytirish, professional kadrlar mahoratini oshirishga urg‘u berdi, balki xalqaro tashkilotlar rahbarlarining e’tiborini ham O‘zbekistonga, shu davlat chim ustida xokkey sport turiga qaratishga ko‘p urindi va buning uddasidan chiqa oldi.

Oddiy misol sifatida uning Osiyo xokkey federatsiyasi bilan olib borgan muzokara va hamkorliklari natijasida Germaniya davlatining POLYTAN kompaniyasida ishlab chiqarilgan sun’iy qoplama O‘zbekistonga olib kelinmoqda. Jahonga mashhur POLYTAN kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlar, deylik sun’iy qoplamalar dunyoning ko‘plab mamlakatlari bosh arenalarini bezatib turibdi. Misol uchun, 2020 yil Tokio davlatida bo‘lib o‘tadigan Olimpiya o‘yinlarining chim ustida xokkey sport turi uchun maydonlar ham aynan shu kompaniya mahsulotlaridan barpo etiladi.

O‘zbekiston chim ustida xokkey federatsiyasi Milliy Olimpiya qo‘mitasi yordami hamda Andijon viloyati hokimligi bilan hamkorlikda mazkur sun’iy qoplamani ilk marotaba Andijonda o‘rnatmoqda. Ko‘p o‘tmay, shahardagi sobiq “Xalqlar do‘stligi”, ayni paytda esa “Barkamol avlod” sport majmuasidagi sobiq chim xokkey maydonida jahon talablariga javob beradigan chinakam maxsus sport maydoni barpo etiladi. Shubhasiz, ushbu sport maydoni mamlakat chempionatlaridan tashqari xalqaro musobaqalarni tashkil etishga, sport turi uchun yosh sportchilarni tanlab olishga xizmat qiladi. Bir so‘z bilan aytganda, mamlakatimizga, aynan Andijonga yana rostakam chim xokkey qaytadi.

Kezi kelganda Federatsiya tomonidan yana bir muhim loyiha ishlab chiqilayotganini ham aytish joiz. 2020-2021 yillar davomida Toshkent shahrida milliy terma jamoa uchun asosiy baza hisoblangan, ma’muriy bino, trenajor zali va xorijiy ishtirokchilar uchun mehmonxonani o‘z ichiga olgan yirik sport inshooti qurilishi bo‘yicha xalqaro tashkilotlar bilan muzokaralar boshlanib ketgan. Bu borada Milliy Olimpiya qo‘mitasi va tegishli tashkilotlar bilan hamkorlik ishlari amalga oshirilmoqda.