French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Chilonzordagi 270-maktab ta’mirlanishida qurilish materiallari vaqtida yetkazib berilmagan
14:07 / 2025-10-31

Shu kunlarda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari hududlarda o‘rganish ishlarini olib borishmoqda. Deputat Oydin Abdullayeva Toshkent shahrining Chilonzor va Yakkasaroy tumanlaridagi bir qator mahallalar hamda ijtimoiy soha ob’ektlarida bo‘lib, ular faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

Deputat dastlab Chilonzor tumanidagi 270-maktabda olib borilayotgan kapital ta’mirlash ishlari bilan tanishdi. Ma’lum qilinganidek, maktab 10 noyabrda ekspluatatsiyaga butunlay tayyor bo‘lishi kerak. Pudratchi tashkilot qurilish materiallari vaqtida yetkazib berilmagani sababli ta’mirlash ishlari kechikayotganini aytdi. Toshkent shahar hokimligi “Yagona buyurtmachi xizmati injiniring kompaniyasi”ning mutasaddilari zarur materiallarni o‘z vaqtida yetkazib berishlari yuzasidan kelishib olindi.

Shundan so‘ng Beshqo‘rg‘on mahallasida barpo etilayotgan yangi maktabgacha ta’lim tashkilotining qurilish ishlari ham o‘rganildi. Bino uch qavatdan iborat bo‘lib, tom qismini va isitish tizimini bitirish ishlari olib borilmoqda. Bolalar maydonchasida tarbiyalanuvchilar uchun xavfsiz muhit yaratish bilan bog‘liq masalalarga e’tibor qaratildi. 

Tirsakobod mahallasidagi o‘rganishlarda fuqarolar bilan muloqot qilindi. 67 yoshli Mavluda Rasulova uy-joy ajratish masalasida deputatga murojaat qildi. Deputat mazkur masala bo‘yicha qonun doirasida yechim topish zarurligini ta’kidladi.

Xalq vakili Yakkasaroy tumanidagi o‘rganishlari davomida Abdulla Qahhor mahallasiga tashrif buyurib, fuqarolar bilan suhbatlashdi. Muloqot chog‘ida hududda ko‘plab uy-joy qurilishlari olib borilayotgani sababli aholi qurilish shovqinlaridan aziyat chekayotgani aniqlandi.

Shuningdek, deputat mazkur hududda faoliyat yuritayotgan Respublika bolalar ijtimoiy moslashuv markazining faoliyati va u yerdagi shart-sharoitlar bilan tanishdi. Ushbu ob’ekt bugungi kunda nogironligi bo‘lgan bolalarning salomatligini yaxshilash va hayotga moslashuvchanlik qobiliyatini faollashtirishga xizmat qilmoqda.

Deputatning 155-son maktabgacha ta’lim tashkilotiga tashrifi davomida ushbu muassasa ta’mirtalab ekani aniqlandi. Oydin Abdullayeva ushbu masalani tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturiga kiritish kerakligi yuzasidan vazifalarni belgilab oldi. Shuningdek, mahalla idorasida otalar choyxonasini barpo etish uchun kerak bo‘ladigan moliyaviy mablag‘ni jalb etish yuzasidan ham vazifalarni o‘z rejasiga kiritdi.

Muhtarama Komilova, O‘zA