FOTOREPORTAJ
Poytaxtimizning Chilonzor tumanidagi «1-Charx Kamolon» mahalla fuqarolar yig‘inida Ramazon oyi munosabati bilan ehtiyojmand va kam ta’minlangan oilalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan xayrli tadbir o‘tkazildi.
Mahallada hozirgi kunda 3548 nafar aholi istiqomat qiladi. Tadbirda Ichki ishlar vazirligi akademiyasi, Toshkent shahar IIBB, Chilonzor tuman IIB mas’ullari, «Vatan» jamoat fondi vakillari hamda jamoat faollari ishtirok etdi.
Yig‘ilishda «1-Charx Kamolon» MFY raisi Abduvohid Nazarov mahallada amalga oshirilayotgan ishlar, aholi muammolarini o‘rganish va ularga yechim topish borasidagi sa’y-harakatlar haqida axborot berdi.
[gallery-27940]
Mahallaga biriktirilgan mas’ullar ishtirokida fuqarolar murojaatlari o‘rganildi. Jumladan, fuqaro Rahmatullo G‘ulomovning jarrohlik amaliyotiga muhtojligi aniqlanib, homiylar ko‘magida zarur mablag‘ shakllantirildi va amaliyot o‘tkazilib, bemorning hayoti saqlab qolindi.
Shuningdek, mahalla hududidagi tadbirkorlar va faollar tashabbusi bilan moddiy qiyin ahvolga tushib qolgan 20 nafar fuqaroga moliyaviy yordam ko‘rsatildi. 16 nafar fuqaroga 1 million so‘mdan, 4 nafar fuqaroga 500 ming so‘m va oziq-ovqat mahsulotlari topshirildi. Bundan tashqari, 10 ta ehtiyojmand oilaga oziq-ovqat mahsulotlari tarqatildi.
Tadbir yakunida «Vatan» jamoat fondi bo‘lim boshlig‘i Botir Sodiqov mahallaga biriktirilgan bir guruh ichki ishlar xodimlari hamda faollarga «Fidokorona mehnati uchun» ko‘krak nishonini topshirdi.
Muhammad AMIN (surat), O‘zA