Bu haqida Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, holat 8 sentyabr soat 16:10 atrofida tumanning Tirsakobod ko‘chasida yangi qurilayotgan «Do‘mbirobod siti» hududida yuz bergan. Dastlabki o‘rganishlarga ko‘ra, montaj tashkiloti kranda montaj ishlarini olib borayotgan vaqtida texnik talablarga rioya etmagan.
Xususan, kranning tayanch oyoqlarini asosga o‘rnatib ushlab turuvchi qismi mustahkam qotirilmagan. Oqibatda uning keyingi qismini
qo‘yish uchun harakatlanish davrida, kran bir tomonga og‘ib ketgan. So‘ngra kranning asosga qotirilmagan 2 ta oyog‘i ko‘tarilib ketishi oqibatida u yerga qulagan.
Baxtsiz hodisa vaqtida kran kabinasida bo‘lgan 25 yoshli boshqaruvchi qattiq zarb sababli vafot etgan. Shuningdek, montajda yordam berayotgan yana 2 ishchi – 21 va 25 yoshli yigitlar turli tan jarohati bilan kasalxonaga yotqizilgan.
Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi Toshkent shahri boshqarmasi tomonidan hodisani texnik jihatdan tekshirish bo‘yicha mutaxassislardan iborat komissiya shakllantirilib, o‘rganish ishlari olib borilmoqda, deyiladi xabarda.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA