Toshkent shahar hokimi boshchiligidagi ishchi guruh “Chilonzor tajribasi” doirasida yo‘lga qo‘yilgan amaliy ishlar natijasi bilan tanishdi.
Davlatimiz rahbari topshiriqlari ijrosi doirasida tashkil etilgan o‘rganish jarayonida poytaxtning barcha tumanlari hokimlari, Toshkent shahar prokuraturasi, Ichki ishlar bosh boshqarmasi hamda Soliq boshqarmasi rahbar xodimlari ishtirok etdi.
Dastlab Chilonzor tuman hokimligi hududida tashkil etilgan zamonaviy Vaziyatlar markazi faoliyati bilan tanishildi.
Ayni paytda Beshchinor mahallasida xavfsizlik choralarini kuchaytirish va qo‘riqlov qamrovini kengaytirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar o‘rganilmoqda.
Jumladan, mahalladagi ko‘p qavatli uy misolida xavfsizlikni zamonaviy yondashuvlar asosida ta’minlash, “Mening inspektorim” mobil ilovasi imkoniyatlari namoyishi, 336 sonli MTTda hamda 173- sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabida harbiylashtirilgan qo‘riqlash afzalliklari hamda “Smart school” elektron dasturini joriy etish yo‘nalishidagi ishlar bilan tanishildi.
Shuningdek, 336 sonli MTTda ota-onalar va bolalar uchun Face-ID asosidagi kirish-chiqish nazorati tizimini joriy etish taklif etildi.
Bundan bolalar xavfsizligini kuchaytirish, tarbiya jarayonida amalda ishtirok etmayotgan, biroq ro‘yxatda mavjud holatlarni kamaytirish, bog‘cha hududiga kirish hamda farzandni olib chiqish jarayonlarini aniqroq nazorat qilish kabi vazifalarga xizmat qilishi ko‘zda tutilmoqda.
Shuningdek, maktablarda nazorat maskanlarini tashkil qilish taklif qilindi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA