French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Chilonzor: Do‘mbirobodliklarning muammolari bartaraf etiladi — Rasmiy munosabat
21:19 / 2023-06-22

Joriy yilning 16 iyun kuni O‘zA sayti va saytning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari orqali “Do‘mbirobodliklarni aldab ketganlar izoh beradimi?” sarlavhasi ostida tanqidiy maqola hamda video e’lon qilindi. Videomaqolada, “yuqoridagi manzilda bir paytlar ariq kavlanib, ish chala holda qoldirib ketilgani, MTM yonidagi ushbu ariq ichida chiqindilar to‘lib borayotgani, ikki qavatli uylar uchun mo‘ljallangan ichki yo‘laklarning sifati aholi talabiga javob bermayotgani, buzilgan garajlar o‘rnida va’da qilingan o‘yingohlar esa bolalar uchun orzu bo‘lib qolayotgani” va boshqa bir qancha muammolar bayon qilingan edi.

Mazkur videomaqola ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘ldi. Shu bilan birgalikda, ushbu jarayonda tumanning boshqa manzillarida istiqomat qiluvchi yana bir necha fuqarolar ham agentligimizga murojaat qilib, shu kabi muammolari borligini ma’lum qildilar, bu yuzasidan yoritishimizni so‘radilar.  

Joriy yilning 21 iyun kuni esa Chilonzor tumani hokimligining O‘zAda e’lon qilingan maqola yuzasidan quyidagicha rasmiy munosabati e’lon qilindi:  

“Bugun Chilonzor tumani hokimligi Matbuot xizmati xodimlari  Milliy axborot agentligi jurnalistlari tomonidan tanqid ostiga olingan Chilonzor tumani  Katta Do‘mbirobod mahallasiga borib, ko‘tarilgan muammolar yuzasidan o‘rganish o‘tkazdi.  

O‘rganishlar jarayonida MFY raisi, mahallaga biriktirilgan BSK rahbari va  Respublika Ishchi guruhi vakili  Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi mas’ul xodimi O‘tkir Rustamjonov ishtirok etdi.  

O‘rganishlar davomida mahallaning O‘smir ko‘chasidagi  yo‘l yuzida to‘plangan shox-shabbalar va chiqindilar tuman Obodonlashtirish boshqarmasi tomonidan tozalab olib chiqib ketildi. Maktabgacha ta’lim tashkiloti oldidagi ariq ichidagi chiqindilar ham tuman “Maxsustrans” bo‘limi tomonidan olib chiqib ketildi.  Mahallada aholini elektr bilan ta’minlash uchun vaqtincha o‘rnatilgan kabellar ochiq maydonda turganligi ham aholida e’tiroziga sabab bo‘layotgan ekan. Bugun tuman elektr tarmoqlari korxonasi xodimlari tomonidan bu muammo ham bartaraf etildi” deyilgan, rasmiy munosabatda.  

Shuningdek, ma’lum qilinishicha, aholining mahalla ichki yo‘llarining ta’mirlash ishlari juda sifatsiz bajarilgani va yo‘llar hozirda yaroqsiz holga kelib qolgani haqidagi e’tirozlarini bartaraf etish choralarini ko‘rish uchun tuman hokimligining ayni shu yo‘nalishga mas’ul bo‘lgan mutasaddilariga yo‘naltirilgan.

“Biz shu o‘rinda mahallalardagi aholi muammolarini bartaraf etilishida o‘z hissasini qo‘shib kelayotgan OAV vakillariga, shuningdek, kamchiliklarni bartaraf etishga ko‘maklashayotgan Respublika ishchi guruhi vakillariga o‘z minnatdorchiligimizni bildiramiz” deyilgan  Chilonzor tumani hokimligi axborot xizmatining ma’lumotida.  

Rasmiy munosabatga ilova qilingan fotosuratlarda esa darhaqiqat, mas’ullar tomonidan hududdagi muammo va kamchiliklar o‘rganilayotgani, aholi bilan bevosita yuzma-yuz uchrashib, muloqot qilingani, shu asnoda yechish lozim bo‘lgan masalalarga aniqlik kiritilgani kabi holatlar aks etgan.

O‘zA tuman hokimligi va boshqa mas’ullarning o‘z hududi aholisini qiynab kelayotgan muammolarga befarq bo‘lmagani, vaziyatga holis baho bergan holda birinchi galda diqqatni keskin tanqidga emas, muammolarni  bartaraf etishga qaratganini yuksak baholaydi. Buning uchun Chilonzor tumani hokimligi va hokimlikning axborot xizmatiga, shuningdek, boshqa mas’ul xodimlarga alohida minnatdorchilik bildiradi. Muammolar to‘liq bartaraf etilganidan so‘nggi manzaralarni esa ijobiy kayfiyatda tasvirga muhrlash rejasi borligini ma’lum qiladi.  

Zero, Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, “Xalq bizdan rozi bo‘lsa, Yaratgan ham bizdan rozi bo‘ladi”...

M.Eshmirzayeva, O‘zA