Jizzax viloyati hududida ko‘plab muqaddas qadamjolar mavjud. Ularning bir qismi yaxshigina o‘rganilib obod etilgan bo‘lsa, kattagina qismining tarixini o‘rganish talab etiladi.
Prezidentimizning 2018 yil 16 apreldagi “Diniy-ma’rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi farmoniga asosan mahalliy hokimliklarga tarixiy-me’moriy ahamiyatga ega ziyoratgohlarni saqlash, ta’mirlash, obodonlashtirish, ularning infratuzilmasini yanada rivojlantirish vazifasi yuklatilganligini alohida ta’kidlash joiz.
Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 18 fevraldagi “Muqaddas qadamjolar, ziyoratgohlar, masjidlar va qabristonlarni obodonlashtirish ishlarini samarali tashkil etish to‘g‘risida” gi qarori ham aynan shu maqsadda qabul qilingan.

To‘g‘ri, Yurtboshimizning 2018 yil 16 apreldagi hamda hukumatning 2018 yil 18 fevraldagi farmon va qarori ijrosi doirasida milliy an’ana hamda qadriyatlarimizni tiklash va rivojlantirish, ajdodlarimiz xotirasini ulug‘lash, ularga hurmat-ehtirom ko‘rsatish, muqaddas qadamjolar va ziyoratgohlarni obodonlashtirish, ularning musulmon olamida nufuzini yanada oshirish borasida bir qator ta’mirlash, obodonlashtirish va bunyodkorlik ishlari olib borildi. Ammo bu barcha muqaddas qadamjo va ziyoratgohlar obod etilib, o‘rganilganini va qolaversa xalqqa ommalashtirilganini anglatmaydi.
Jumladan, “Chilmahram ota” ziyoratgohi haqida so‘rasangiz, nafaqat yoshlarimiz, balki yoshi bir joyga borib qolgan keksalarimiz ham, ushbu qadamjoni qaysi hududda joylashgani u yoqda tursin, balki shunday ziyoratgoh borligini hatto eshitmaganini achinish bilan ta’kidlash lozim. Lekin bilmasliklari ularning emas balki, tarixchi, geograf, geolog, arxeolog va boshqa shularga yaqin olimlar, biz, jurnalistlarning aybi desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Jizzax viloyati Yangiobod tumanidagi mazkur “Chilmahram ota” ziyoratgohi “Xo‘jamushkent” qishloq fuqarolar yig‘ini hududida, Tojikiston bilan chegaradosh Bayat, Erganali qishloqlari yuqori qismida, Bayatsoyning janubiy qirg‘og‘idagi ko‘hna qabriston ichida joylashgan. Ziyoratgohning asosiy qismi bo‘lgan maqbara hamda qadimiy tut daraxti xalqaro “Oltin meros” xayriya jamg‘armasi tasarrufiga olingan. Ushbu maskan so‘ngi bor 2015 yilda hashar yo‘li bilan qayta ta’mirlangan.
Bu yerning tabiati: buloqlardan hosil bo‘lgan zilol suvli sangloq (kichik soy yoki jilg‘a)lar, asosan pistazorlardan iborat ajib bog‘lar va eski qabriston hamda necha ming yillik ostadon – mazkur go‘shada zardushtiylar davridagi qadim ajdodlarimiz istiqomat qilgan manzilgoh ekanidan dalolat beradi. Ayni paytga kelib qayta tiklangan ushbu maqbaraning kun botish tomonida yuqorida ta’kidlangan ostadonni eslatuvchi qozonsimon xum joylashgan.
Ma’lumot o‘rnida, “Ostadon” loydan yasalgan maxsus idish bo‘lib, zardushtiylar vafot etgan ajdodlari suyaklarini ana shu idishda saqlagan. “Ostadon” so‘zi qadimgi eroniy tillarda “suyak saqlanadigan idish” ma’nosini beradi. Bugungi fors-tojik tilidagi “ustuxon” so‘zi ham qadimgi eroniy tillardan “ost” (suyak) so‘zidan kelib chiqqan, degan taxmin mavjud.
Mahalliy aholi tomonidan hashar yo‘li bilan ushbu go‘shani obodonlashtirish, ta’mirlash, tuproq ishlarini bajarish chog‘ida topilgan mazkur qizil sopoldan yasalgan ostadon, ya’ni suyak saqlaydigan xumning bir cheti, tozalash paytida, ketmon tegishi tufayli darz ketgan, odamlar uni shu holda saqlash maqsadida tuproq orasida qoldirishgan. Lekin ayni vaqtda uning ichida nima borligi noma’lum.

Soha mutaxassislarining fikricha, bu – Movoraunnahrga islom kirib kelishidan avvalgi odamlardan biri dafn etilgan ostadon bo‘lishi mumkin ekan. Maqbaraning kunchiqish tarafida esa yerto‘lani eslatuvchi g‘or ham mavjud.
Rivoyat qilinishicha, bu g‘or 40 avliyo darvesh zikr tushadigan, chilla o‘tirib tafakkur qiladigan joy vazifasini bajarib kelgan. Darveshlar 40 nafar bo‘lganlari uchun “Chilmahram”, ya’ni “Qirq maslakdosh”, Qirq sirdosh” deb atalgan. Bu qirq mahram yurtimizning qirq go‘shasidan kelib, bu yerda vaqti-vaqti bilan to‘planib turganligi ehtimoldan xoli emas.

Ziyoratgohning paydo bo‘lishiga sababchi bo‘lgan shaxs haqida shunday bir rivoyat ham bor. G‘orda kechasi avliyolar jahriy zikr qilib o‘tirganda beshikka bog‘langan mahalliy 3-4 yoshli bolakay o‘zini o‘zi yechib, bu yerga kelib, majlisga qo‘shiladi...
Odatda oilada yolg‘iz o‘g‘il bolalar yuradigan bo‘lib qolsa ham, beshikda yotishni kanda qilmagan. Ukasiga beshikni bo‘shatib bermagan, onasi erkatoy bolaning ko‘ngliga qarab sumak va tuvaksiz bog‘lab qo‘yavergan. Tunda ota-onasiga sezdirmay yana beshikka o‘zini o‘zi bog‘lab yotib olavergan.
...Shunday tunlarning birida ota-ona bola beshikda yo‘qligini bilib qoladi va qancha izlashmasin, uni topolmaydi. Erta tongda qarashsa, beshikda bola yana bog‘langanicha uxlab yotibdi. Shundan so‘ng, har tun unga galma-gal poyloqchilik qilishadi.
Oradan ma’lum vaqt o‘tib, tunlarning birida bola beshikdan o‘zini bo‘shatib, turib o‘sha g‘or tomon ketadi va g‘orga yetib borib, qirq darvesh safiga qo‘shiladi. Ortidan kuzatib borgan ota-ona gap nimada ekanligini anglab ham xursand bo‘ladi, ham tashvishga tushadi.
Aytishlaricha, bu bola ulg‘ayib, avliyolar tarbiyasini olib, ma’naviy kamollikka erishadi va elini ilm yo‘liga undashga xizmat qiladi. Vafotidan so‘ng esa xalq orasida (qirq mahramga qo‘shilgani uchun) Chilmahram ota nomini oladi.
A.QAYUMOV, O‘zA