Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Chigitlar ekish ishlaridan oldin laboratoriya sharoitida tekshiriladi
12:34 / 2022-08-01

Innovatsion rivojlanish vazirligida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Paxtachilik kengashi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Paxtachilik kengashi raisi, Innovatsion rivojlanish vaziri, akademik Ibrohim Abdurahmonov raislik qilgan mazkur yig‘ilishda paxta navlarini hududning iqlim-tuproq sharoitlariga qarab ekilishini ta’minlash, paxta navlarini almashlab ekish, har bir navga mos agrotexnik tadbirlarni amalga oshirish masalalari muhokama etildi.

Ibrohim Abdurahmonovning ta’kidlashicha, milliy paxta navlari marketingi bilan shug‘ullanishga alohida e’tibor berish, paxta yetishtirishda ilm va innovatsiyalarga asoslangan urug‘chilik, nav tanlash, yerga ishlov berish ishlarini yo‘lga qo‘yish orqali paxta-to‘qimachilik sohasida eksport hajmlari va daromadni oshirish bugunning muhim masalalaridan biridir.

Yig‘ilishda navni joylashtirishda nav mualliflarining manfaatdorligi bo‘lgani bois korrupsiyaning oldini olish masalasi ham muhokama qilindi. Turli navlarni ma’lum uchastkalarga ekish va ularni ayni kunlardagi tabiiy iqlim-tuproq sharoitlariga mosligini aniqlashga kelishildi. Endilikda ilmiy-tadqiqot institutlarining sinov maydonlarida emas, aynan klasterlar dalalarida tajribalar sinovini o‘tkazish muhimligi aytib o‘tildi.

Qayd etilishicha, nav mualliflari o‘z navlarining real hosildorligini aniqlash maqsadida dala maydonlariga chiqib monitoring ishlarini amalga oshirishlari talab etiladi.

Ertapishar va o‘rtapishar navlarga alohida agrotexnik tadbirlarni ishlab chiqish, paxta navlarining muayyan hudud va yer uchastkalariga mosligi xaritasi tuziladi.

Har bir nav, alohida hududlar uchun zamonaviy agrotexnik tadbirlari yaratiladi. Urug‘chilik dalalari va paxta dalalariga alohida sharoitlar bo‘lishi ta’minlanadi.

So‘nggi yillarda kunduzgi va tungi harorat bir xil bo‘lib qolayotgani, yangi turdagi hasharotlarning ko‘payib borayotgani ushbu sharoitga chidamli navlarni ko‘paytirishni taqozo qilmoqda.

Soha mutaxassislari vilt kasalligining oldini olish uchun chigitlarni tekshirish amaliyotini yo‘lga qo‘yish lozimligini ta’kidladi.Chigitlar avval laboratoriya sharoitida tekshiriladi, faqat maxsus ruxsat olinganidan keyingina ekish ishlari amalga oshiriladi.

Ma’lumot o‘rnida qayd etish lozimki, mamlakatimizda bugungi kunda paxta tolasini 100 foiz qayta ishlash yo‘lga qo‘yilgan.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA