Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Chigirtkalar bosqiniga qarshi kurash
11:10 / 2023-05-03

Jizzax viloyatida 5 kun davomida biopestitsidlarni ko‘rgazmali sinovdan o‘tkazish tadbiri davra suhbati bilan yakunlandi.

Tadbir Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi hamkorligida tashkil etildi.  

So‘nggi 50-60 yillikda Markaziy Osiyo mamlakatlari jumladan, O‘zbekistonning Jizzax viloyatida ham “chigirtkalar bosqini” kuzatilmoqda. Bu zararkunanda hasharotlar ekin va yaylovlarga jiddiy zarar yetkazib, qishloq xo‘jaligi yagona daromad manbai hisoblangan minglab insonlarning oziq-ovqat xavfsizligiga tahdid solib kelmoqda. Kimyoviy pestitsidlar yarim asrdan ko‘proq vaqt davomida chigirtkalarni nazorat qilishning eng tezkor va samarali usuli bo‘lib kelgan.  

Biroq, 20 yildan ortiq vaqt mobiynida BMTning FAO – zararli hasharotlarga qarshi kurashishning ekologik jihatdan xavfi kamroq usullarini targ‘ib qilmoqda. Xususan, FAO faqat chigirtkalarga ta’sir qiladigan va inson salomatligi hamda atrof-muhitga zarar yetkazmaydigan biologik insektitsidlardan foydalanishni qo‘llab-quvvatlab kelmoqda.  

FAO tomonidan respublika Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi bilan hamkorlikda Jizzax viloyatida biopestitsidlarni ko‘rgazmali sinovdan o‘tkazilishi bu boradagi muhim qadam bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Tadbir “Kavkaz va Markaziy Osiyoda chigirtkalar ustidan milliy va mintaqaviy nazoratni takomillashtirish bo‘yicha FAO dasturi” doirasida hamda Yaponiya Xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) va AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) tomonidan moliyalashtirilayotgan loyihalar ko‘magida tashkil etildi.  

Markaziy Osiyo mamlakatlari, shuningdek, Rossiya Federatsiyasining ixtisoslashgan muassasalari vakillari pestitsidlarning namoyish sinovlarida ishtirok etish uchun Jizzax viloyatiga keldi va ushbu tadbirda chigirtkalarni nazorat qilish bo‘yicha jami 33 nafar, shu jumladan, FAO mutaxassislari ham ishtirok etdi. Yirik xalqaro tadbir Kavkaz va Markaziy Osiyo mamlakatlarida chigirtkalarni nazorat qilish uchun biopestitsidlardan keng foydalanishni amaliyotga joriy etishga qaratilganligini ham alohida ta’kidlash joiz. Chunki bu mintaqalar har yili o‘rtacha 4 million 200 ming gektar maydonda chigirtkaga qarshi ishlov beriladigan o‘lkalar hisoblanadi.  

Soha mutaxassislarining ta’kidlashicha, kimyoviy pestitsidlar zahar hisoblanib, ulardan to‘g‘ri foydalangan taqdirda ham, inson salomatligi va atrof-muhit uchun xavf tug‘dirishi mumkin. Mazkur pestitsidlarning qo‘llanilishi natijasida ekotizimlar hayoti uchun zarur bo‘lgan boshqa hasharotlarning ham bir tekis qirilib ketishi ularning atrof-muhitga salbiy ta’sir ko‘rsatishini yana bir bor isbotlaydi.  

Jizzax viloyatidagi biopestitsidlarni ko‘rgazmali sinovdan o‘tkazish tadbiri dasturi taqdimot, nazariy qismlar, shuningdek, ekin va yaylov dalalari tashriflaridan iborat bo‘ldi. Ushbu 5 kunlik namoyish sinovlari Marokash chigirtkalari lichinkalariga qarshi Metarhizium acridum (Novakrid) va Beauveria bassiana (Yashil to‘siq) zamburug‘lari asosidagi ikkita biopestitsidni qo‘llashni o‘z ichiga oldi. Shu bilan birgalikda, bunda chigirtkalarning o‘limi va boshqa organizmlarga ta’siri tadbirda ishtirok etgan yetuk mutaxassislar tomonidan baholandi.  

Jizzaxda o‘tkazilgan tadbirda biopestitsidlarning nisbatan kechroq ta’sir etishi hisobga olinib, ishtirokchilarga va atrof-muhitga salbiy ta’sir ko‘rsatmasligi uchun zararli hasharotlarni yo‘q qilish usulining samaradorligini namoyish qilish maqsadida ishlov berish (namoyish paytida ham), tadbir boshlanishidan 10 kun oldin o‘tkazildi. Ana shu namoyish sinovlaridan keyin biopestitsidlarning maqsadli bo‘lmagan organizmlarga ta’sirini aniqlash uchun ekologik monitoring o‘tkazildi.  

Biopestitsidlardan foydalanish bo‘yicha Jizzaxdagi kabi ko‘rgazmali tadbir joriy yilning iyun oyida Kavkaz o‘lkalaridan birida o‘tkazilishi rejalashtirilgan. So‘ngra ikkita namoyish sinovlari natijalari Kavkaz va Markaziy Osiyoning barcha mamlakatlari bilan birgalikda “Kavkaz va Markaziy Osiyoda chigirtkalar ustidan milliy va mintaqaviy nazoratni takomillashtirish bo‘yicha FAO dasturi” doirasida kuz faslida o‘tkazilishi ham belgilangan yillik texnik seminar davomida ko‘rib chiqiladi.  

Biopestitsidlarni ko‘rgazmali sinovdan o‘tkazish tadbiri yakunlandi.  

A.QAYUMOV,

O‘zA