Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
«Chida jangchi, hali yashaysan!»
16:44 / 2021-04-24

Xotira va qadrlash kuni oldidan urush faxriylari xonadonida mehmon bo‘lar ekanmiz, har safar bir-biriga o‘xshamagan taqdirlar va qahramonliklar haqidagi xotiralarni tinglaymiz. Kimdir tankchi, yana kimdir uchuvchi yoki razvedkachi, artilleriyachi, piyoda qo‘shin jangchilari va hokazo...

Mudofaa vazirligi va Mirzo Ulug‘bek tumani mudofaa ishlari bo‘limi ofitserlari, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Marat Hakimov, shifokorlar, mahalla faollari hamda yoshlar hamrohligida bu safar Ikkinchi jahon urushi janggohlarida yaradorlar jonini saqlab qolishda jonbozlik ko‘rsatgan Vladimir Chmixun xonadonida mehmon bo‘ldik.

Mirzo Ulug‘bek tumani Alpomish mahallasida istiqomat qilib kelayotgan 99 yoshli iste’fodagi tibbiy xizmat polkovnigi Vladimir Chmixun tashrifdan juda mamnun bo‘ldi. Urush faxriysi o‘ziga atalgan sovg‘alarni qabul qilib olar-olmas, birin-ketin frontdagi xotiralari haqida gapirib berdi.

– 1922 yil 10 iyulda Ukrainaning Odessa viloyati Dobrovelichkovsk tumani, Novolutkovo qishlog‘ida tug‘ilganman. Maktabni tugatishim bilan 1941 yilning 7 iyulida harbiy xizmatga chaqirilib, tibbiyot feldsheri bo‘yicha tayyorgarlik kursida o‘qidim. Tayyorgarlik kursidan keyin 43-armiyaning 358-o‘qchi diviziyasi 191-o‘qchi polki tarkibidagi 22-alohida sanitar rotasida frontga jo‘natildim. 1-Boltiqbo‘yi, 2- va 3-Belarus frontida Smolensk va Moskva himoyasidan keyin, fashist bosqinchilariga qarshi hujum janglarini boshlab yubordik. Belarus va Boltiqbo‘yi shaharlarini ozod qilib, Sharqiy Prussiyaga kirib bordik. G‘alabani Kyonigsbergda kutib oldim. 22-alohida sanitar rotamiz tibbiy xodimlari urush maydonlarida qancha-qancha jangchilarning hayotini saqlab qoldi. Yaralanganlarni jang maydonidan olib chiqish davomida «Chida jangchi, hali yashaysan!» degan so‘zlar bilan tinchlantirishga, hayotga umid uyg‘otishga harakat qilardik. Bu ibora rotamizning barcha tibbiyot xodimlariga yod bo‘lib ketgan edi. Afsuski, urush qurbonlarsiz bo‘lmaydi. Ne-ne azamat, navqiron yigitlar qo‘limizda jon bergan...

– Kyonigsbergni fashistlardan ozod qilganimizdan keyin Uzoq Sharq frontida yapon urushida qatnashdim. Ko‘rsatgan xizmatlarim uchun II darajali «Vatan urushi» va ikki marta «Qizil Yulduz» ordenlari, shuningdek, bir qancha medallar bilan taqdirlandim. Urushdan keyin harbiy xizmatdagi faoliyatimni davom ettirdim. Toshkentga kelib, harbiy gospital laboratoriyasida 1975 yilgacha ishladim.

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Marat Hakimov tomonidan ijro etilgan qo‘shiqlar 99 yoshli urush faxriysi uchun o‘ziga xos tuhfa bo‘ldi. Guruhdagi shifokor otaxonning sog‘lig‘ini tekshirib, kerakli tavsiyalarni berdi.

“Vatanparvar”  muxbiri

Asror RO‘ZIBOEV

O‘zA uchun maxsus tayyorladi