Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
чEzgulik, saxovat va mehr-muruvvat ayyomi keng nishonlanmoqda
16:00 / 2022-07-09

Surxondaryo viloyatida Qurbon hayiti azaliy anʼana va qadriyatlarimizga mos nishonlanib, keksalar, oʻzgalar yordamiga muhtoj, kam taʼminlangan oilalar va bemorlar holidan xabar olinayotir, mehr-muruvvat ulashilmoqda.

Prezidentimizning joriy yil 1-iyulda qabul qilingan “Qurbon hayitini nishonlash toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq viloyatda qadimiy bayramni yuksak saviyada nishonlashga alohida hozirlik koʻrildi. Davlat va jamoat tashkilotlari, mahalla oqsoqollari, nuroniylar va imom-xatiblar hamkorligida turli madaniy-maʼrifiy tadbirlar tashkil etilib, Qurbon hayitining mazmun-mohiyati aholiga keng tushuntirildi. Mahalla va koʻcha-koʻylarda, 123 ta jome masjidi, 727 ta qabriston va ziyoratgohlarda yirik hajmdagi obodonlashtirish yumushlari amalga oshirilib, atrofi tartibga keltirildi.

Bugun subhidamda 123 ta jome masjidida ado etilgan hayit namozida 194 ming 938 moʻmin-musulmon yurtdoshlarimiz ishtirok etdi.
Viloyat turizm va madaniy meros bosh boshqarmasi, viloyat transport boshqarmasi hamkorligida 1 ming 50 nafar surxondaryoliklarning tarixiy qadamjo va muqaddas ziyoratgohlarga sayohati uyushtirildi. Ularning 66 nafari Ikkinchi jahon urushi va front orti mehnat faxriylaridir.

Mehr-oqibat, insonparvarlik, ezgulik kabi yuksak fazilatlarni birlashtirgan bayram munosabati bilan “Mahalla” xayriya jamoat fondi viloyat boʻlimi, Termiz shahri va tumanlar boʻlinmalari hamda saxovatpesha insonlar, tadbirkor va fermerlar joylarda ehtiyojmand oilalar holidan xabar olib, ularni moddiy-maʼnaviy qoʻllab-quvvatlamoqda. Xonadonlariga bayram shukuhi ulashmoqda.

“Mahalla” xayriya jamoat fondi viloyat boʻlimi boshqaruvidan olingan maʼlumotlarga koʻra, ulugʻ ayyomning ilk kunida vohada 132 ta kam taʼminlangan oila, 53 nafar urush va front orti mehnat faxriylari, yuzga yaqin yolgʻiz qariya va nogironligi boʻlgan shaxslar holidan xabar olinib, muruvvat yordami koʻrsatildi. “Muruvvat” va “Saxovat” uylarida yashaydigan 130 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqaroga 27.5 million soʻm xayriya yordami berildi.

–Muborak Qurbon hayiti munosabati bilan “Mahalla” fondi qoshidagi “Saxovat va koʻmak” jamgʻarmasi mablagʻi hisobidan 176 nafar kam taʼminlangan oilaga moddiy yordam koʻrsatildi, – deydi “Mahalla” xayriya jamoat fondi viloyat boʻlimi boshqaruvi masʼul xodimi O. Astanaqulov. – Shuningdek, 14 nafar yolgʻiz qariya, 66 nafar nogironligi boʻlgan shaxslar holidan xabar olinib, ular ham moddiy va maʼnaviy qoʻllab-quvvatlandi. Shu maqsadlar uchun jamgʻarma hisobidan 140 million soʻmdan ortiq mablagʻ sarflanib, ehtiyojmand yurtdoshlarimizga bayram quvonchi ulashildi.

Viloyatda xayriya tadbirlari davom etmoqda.


Xolmoʻmin MAMATRAYIMOV, OʻzA