Pragada “Highlights of theSilk Road” keng ko‘lamdagi loyiha doirasida O‘zbekiston va Ozarbayjon qo‘shma sayohat yo‘l-shousi bo‘lib o‘tdi. Tadbir olti shahar – Frankfurt, Vena, Syurix, Budapesht, Praga va Barselonani qamrab oluvchi Yevropa bo‘ylab sayohatning bir qismiga aylandi.
Mazkur tashabbus Ozarbayjon Turizm byurosi (ATB) va O‘zbekiston Milliy PR-markazi hamkorligida amalga oshirildi. Undan ko‘zlangan asosiy maqsad – ikki davlatning madaniy, tarixiy va tabiiy sayyohlik salohiyatini keng targ‘ib qilish, Buyuk Ipak yo‘li bo‘ylab qo‘shma yo‘nalishlarni rivojlantirish va turoperatorlar o‘rtasida professional aloqalarni mustahkamlashdan iborat.
Yig‘inda Turizm qo‘mitalari, PR-markazlar va mehmonxonalar tarmog‘i vakillari, shuningdek, chexiyalik turoperatorlar hamda tegishli tashkilotlar rahbarlari ishtirok etdi.
Taqdimotda O‘zbekiston tomoni YUNESKO Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan mamlakatning asosiy sayyohlik yo‘nalishlari –Samarqand, Buxoro va Xiva shaharlari bilan tanishtirdi. Ekologik, gastronomik, tog‘-kon va madaniy turizmni rivojlantirishga alohida e’tibor berildi.
Rasmiy qismdan so‘ngB2B formatdagi sessiyalar davom etdi. Uning doirasida O‘zbekiston, Ozarbayjon va Chexiyalik turoperatorlar hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi va qo‘shma turizm mahsulotlarini shakllantirish bo‘yicha takliflar almashdi.
E’tiborli jihati, ishtirokchilar tomonidan diyorimiz bugungi kunda boy tarix, zamonaviy infratuzilma va yuqori sifatli turizm xizmatlari bilan uyg‘unlashgan xavfsiz va mehmondo‘st yo‘nalish sifatida e’tirof etildi.
Aziza Alimova tayyorladi,
O‘zA