Chexiya bosh vaziri Andrey Babish 15 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni taqiqlash g‘oyasini ochiq qo‘llab-quvvatlab chiqdi. Uning aytishicha, mutaxassislar bu platformalar bolalar ruhiyati va rivoji uchun zararli ekanini ta’kidlamoqda.
– Men bu tashabbusni qo‘llayman, chunki soha mutaxassislari ijtimoiy tarmoqlar bolalarga nihoyatda salbiy ta’sir ko‘rsatishini aytishmoqda. Biz bolalarimizni himoya qilishimiz shart, – dedi Babish yakshanba kuni e’lon qilgan video murojaatida.

Mamlakat bosh vaziri o‘rinbosari Karel Gavlichek ham tashabbus jiddiy ko‘rib chiqilayotganini tasdiqladi. Agar Vazirlar Mahkamasi rozilik bildirsa, shu yilning o‘zida qonun loyihasi parlamentga kiritilishi mumkin.
Chexiya bu masalada yolg‘iz emas. So‘nggi haftalarda Ispaniya va Gretsiya o‘smirlar uchun ijtimoiy tarmoqlarni cheklash tashabbusini ilgari surdi. Buyuk Britaniya Avstraliya modeliga o‘xshash qat’iy taqiqni muhokama qilmoqda, Fransiya esa 15 yoshgacha bo‘lganlar uchun ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlovchi qonun ustida ishlayapti.
Eslatib o‘tamiz, Avstraliya 2024 yil dekabrida dunyoda birinchi bo‘lib 16 yoshgacha bo‘lganlarga ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni rasman man etgan edi.
Ko‘pgina o‘lkalar bolalarning ekran qarshisida o‘tkazadigan vaqti, ruhiy salomatligi va ijtimoiy rivojiga texnologiyalarning ta’sirini tobora jiddiy xavf sifatida ko‘ra boshlamoqda. Chexiya esa bu borada keskin choralar ko‘rishga yaqin turgan navbatdagi davlat bo‘lishi mumkin.
Musulmon Ziyo, O‘zA