Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Chetdan keltirilgan ko‘chatlar fitosanitariya laboratoriyasidan o‘tkazilishi shart
14:46 / 2022-11-22

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi axborot xizmati rahbari Sabina Sadinova ishtirokida brifing o‘tkazildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatimiz hududiga olib kiriladigan o‘simliklar karantini nazoratidagi mahsulotlar chegara maskanlarida o‘simliklar karantini davlat inspektorlarining ko‘rigidan o‘tkazilishi va Markaziy fitosanitariya laboratoriyasida tekshirilishi shart. Bunday mahsulotlar 39 turdagi zararli organizm va kasalliklardan xoli bo‘lishi kerak. Aks holda zararlangan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, o‘simlik namunalari, urug‘, piyozbosh, ko‘chatlar, yog‘och yoqish yo‘li bilan yo‘q  qilinadi yoki importyor mamlakatga qaytariladi.    

Qayd etilishicha, navbatdagi ana shunday laboratoriya tahlili natijasida Turkiya davlatidan keltirilgan shaftoli ko‘chatlarida «Olxo‘rining cho‘tir kasalligi» aniqlangan. Holat bo‘yicha Turkiyaning karantin xizmatiga e’tiroznoma jo‘natilgan va mamlakatning «Agroline» korxonasi ko‘chatxonalarida yetishtirilgan ekish  materiallarini import qilishga taqiq o‘rnatilgan.  

Huddi shuningdek, Ispaniyadan ilmiy maqsadlarda olib kelingan 34 xildagi invitro tok namunalarining 16 navida ham 4 turdagi xavfli virus aniqlangan. O‘zbekiston hududida karantin ob’ekti hisoblangan ushbu viruslar tarqalishini oldini olish maqsadida tok namunalari yoqish yo‘li bilan yo‘q qilindi.  

Ma’lumot o‘rnida qayd etish lozim, joriy yilning o‘tgan davri davomida Markaziy fitosanitar laboratoriyasida 3,5 milliondan ortiq manzarali ko‘chatlar ekspertizadan o‘tkazilgan. Import qilingan nihollarda O‘zbekiston uchun karantin ob’ekti hisoblangan yapon mumsimon qalqondori, hind mumsimon qalqondori, tikanli tog‘ oqqanoti, yavan burtma nematodasi, janub bo‘rtma nematodasi, pomidorning bronzali dog‘lanish virusi aniqlangani sababli ko‘chatlar yoqish yo‘li bilan yo‘q qilingan.  

Aniqlangan xolatlar sababli Agentlik tizimida xorijiy davlatlardan respublika hududiga olib kirilishi rejalashtirilayotgan ekish materiallariga nisbatan qat’iy nazorat o‘rnatilgan.  

Shuningdek, Agentlik respublikamizda davom etayotgan «Yashil makon» umummiliy dasturi doirasida ham import qilingan nihollarni majburiy ravishda laboratoriya tekshiruvidan o‘tkazishni va ehtiyotkorlik choralarini ko‘rishni tavsiya qiladi.  

Mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda 6 ta viloyatda milliy akkreditatsiyadan o‘tgan fitosanitariya laboratoriyalar xizmat ko‘rsatib, fuqarolarga qulaylik yaratish maqsadida 15 ta sayyor fitosanitariya laboratoriyasi faoliyati ham yo‘lga qo‘yilgan.  

 

Muhayyo Toshqorayeva,  

O‘zA