Namangan davlat universiteti va Xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish agentligi Namangan hududiy vakilligi hamkorligida “Integrativ va kompetensiyaviy yondashuvlar asosida chet tillarni o‘qitishning muammo va yechimlari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Unda Portugaliyaning Lissabon universitet, Ruminiyaning Vest Timisoara universiteti professorlari, Janubiy Koreyaning King Sejong institutining Namangan shahridagi til markazi vakillari, KOIKA tashkiloti o‘qituvchilari ishtirok etdi.

Xorijiy tillarni o‘qitishning O‘zbekiston, Koreya, Ruminiya, Portugaliya va Amerika davlatlari tajribalari haqida fikrlashildi.

– Konferensiya “Chet tilini o‘qitishning zamonaviy yondashuvlari va madaniyatlararo muloqot masalalari”, “Maktabgacha va boshlang‘ich ta’limda chet tili o‘qitishda innovatsion texnologiyalar”, “Nofilologik yo‘nalishlarda kasbiy maqsadlarda chet tilini o‘qitish muammolari”, “Xorijiy adabiyotshunoslikning dolzarb muammolari”, “Lingvistik tarjimashunoslik” kabi sho‘’balarda o‘z ishini davom ettirdi, – deydi Namangan davlat universiteti press-klubi rahbari Sanjarbek Hamidov. – Unda chet tili yo‘nalishida tahsil olayotgan magistrant, tadqiqotchi va yosh olimlar olib borayotgan ilmiy ishlar ham keng muhokama qilindi. Bu izlanuvchilar uchun mahorat maktabi vazifasini o‘tadi.

Konferensiya yakunida barcha ishtirokchilarga sertifikat va konferensiya materiallari chop etilgan to‘plamlar taqdim etildi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA