Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Chet tillarini o‘qitish tajribasi o‘rganildi
18:10 / 2016-01-15

O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida “Nofilologik ta’lim dasturlari va o‘qituvchilar uchun ingliz tilini o‘qitish uslubiyatining ilg‘or tajribalari” mavzuida ilmiy seminar bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida “Nofilologik ta’lim dasturlari va o‘qituvchilar uchun ingliz tilini o‘qitish uslubiyatining ilg‘or tajribalari” mavzuida ilmiy seminar bo‘lib o‘tdi.

Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, “Erazmus plyus” xalqaro ta’lim dasturining mamlakatimizdagi milliy ofisi va O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti huzuridagi Chet tillarni o‘qitishning innovatsiyaviy metodikalarini rivojlantirish Respublika ilmiy-amaliy markazi hamkorligida tashkil etildi.

O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti rektori Sh.Qayumov va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar zamon talablariga mos, mustaqil va sog‘lom tafakkurli, xorijiy tillarda erkin so‘zlasha oladigan yoshlarni kamol toptirishdek ezgu maqsadlarga xizmat qilayotganini alohida ta’kidladi.

Davlatimiz rahbarining 2012-yil 10-dekabrdagi “Chet tillarni o‘rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hamda 2014-yil 6-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorlari bu boradagi ishlarni yanada takomillashtirishda muhim omil bo‘layotir.

Mamlakatimizda ta’lim yo‘nalishida faol xalqaro hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Yoshlarimiz xorijiy mamlakatlarda bilimini mustahkamlash, o‘qituvchilar malakasini oshirish, o‘zaro tajriba almashish imkoniga ega bo‘lmoqda.

O‘zbekiston va Yevropa oliy o‘quv yurtlari “Tempus” hamda “Erazmus Mundus” xalqaro ta’lim dasturlari doirasida samarali hamkorlik qilib kelayotir. 2014-2020-yillarga mo‘ljallangan “Erazmus plyus” dasturi doirasida ham oliy o‘quv yurtlari o‘rtasida istiqbolli loyihalar amalga oshirilayotir. “Erazmus plyus” Yevropa Ittifoqining ta’lim, kasb-hunar ta’limi va sport sohasidagi dasturi bo‘lib, u turli mamlakatlar talabalariga Yevropa oliy ta’lim muassasalarida ta’lim olish, universitetlar o‘qituvchilariga o‘z malakasini oshirishga ko‘maklashadi.

Seminarda Yevropa universitetlaridagi nofilologik yo‘nalishlarda ingliz tilini o‘qitishning ilg‘or pedagogik tajribalari xususida so‘z yuritildi.

Muayyan mutaxassislik bo‘yicha xorijiy amaliyotni chuqur o‘rganish uchun chet tillarini yaxshi bilish talab etiladi. Mamlakatimiz oliy o‘quv yurtlarida ko‘plab fanlar, xususan, texnikaviy va iqtisodiy yo‘nalishlar bo‘yicha chet tillarda ta’lim berilmoqda, bu jarayon yanada kengaymoqda.

Anjumanda universitetlarda turli fanlar bo‘yicha ta’limni xorijiy, jumladan, ingliz tilida olib borish borasida xalqaro tajribani o‘rganishda mamlakatimiz va chet ellik mutaxassislar o‘rtasida o‘zaro axborot almashuvini faollashtirish muhim ahamiyatga ega ekani qayd etildi.

Ispaniyaning Barselona universiteti «Ingliz va nemis tillari filologiyasi» kafedrasi professori Natalia Judit Laso Martin tomonidan mahorat darsi o‘tkazildi.

– O‘zbekiston va Yevropa ta’lim muassasalari o‘rtasida faol va samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yilgani diqqatga sazovor, – dedi Natalia Judit Laso Martin. – Muloqot davomida o‘zbekistonlik o‘qituvchilarning kasb malakasi yuqoriligi va xorijiy tillarni puxta bilishiga guvoh bo‘ldim. Seminar hamkasblarim bilan o‘zaro tajriba va fikr-mulohaza almashish imkonini berganidan mamnunman.

Anjumanda chet tillarini turli sohalarga yo‘naltirgan holda o‘qitish imkoniyatlari, nolingvistik va lingvistik ta’lim uslublari, nofilologik ta’lim dasturlari bo‘yicha o‘qituvchilarning vazifalari, ularning malakasini oshirish kabi masalalar muhokama qilindi.