Ta’lim tizimidagi islohotlar faqat qog‘ozda emas, amalda ham o‘z samarasini bermoqda. Bunga Sirdaryo viloyatining chekka, olis hududida joylashgan Shirin shahridagi 2-sonli umumta’lim maktabi yorqin misol bo‘la oladi. Bu yerdagi o‘quvchilarning orzu va intilishlari, ustozlarning mehnatsevarligi dunyoga yo‘l ochayotgani quvonarlidir.
Mazkur maktab jamoasi o‘tgan yili Prezident sovrini uchun o‘tkazilgan “Xorijiy tillarni o‘qitish bo‘yicha eng yaxshi maktab” tanlovining shahar va viloyat bosqichlarida 1-o‘rinni, so‘ngra respublika bosqichida ishtirok etib, “Faol ishtirokchi” nominatsiyasini hamda Londonga 7 kunlik ta’lim sayohati yo‘llanmasini qo‘lga kiritgandi.

Natijada 5 nafar iqtidorli o‘quvchi va ularning ustozlari Angliyaga safar qilib, u yerda ta’lim tizimidagi yangicha yondashuvlar bilan tanishish, xorijlik mutaxassislar bilan muloqot qilish, tajriba almashish imkoniyatiga ega bo‘lishdi. Londonning tarixiy va madaniy manzillari bilan tanishish esa yoshlar uchun katta hayotiy saboq va unutilmas xotira bo‘lib qoldi.
– Angliyaga qilgan safarimiz nafaqat biz ustozlar, balki o‘quvchilar uchun ham ulkan tajriba maktabi bo‘ldi. Ular o‘z bilimlarini amalda qo‘llashdi, xorijlik mutaxassislar bilan muloqot qilishdi. Bu ularni yangi maqsadlarga yo‘naltirdi, – deydi umumta’lim maktabining oliy toifali ingliz tili o‘qituvchisi Lobar To‘yqulova.

Bu safardan eng katta taassurotni, tabiiyki, bolalar olishdi. Maktabning 10-sinf o‘quvchisi Lutfiya Mirzayeva o‘sha kunlarni hayajon bilan eslaydi: – Londonga borish men uchun orzu edi. Darsda o‘rganganim – har bir ingizcha so‘z u yerda menga qo‘l keldi. Muzeylar, tarixiy binolar, ko‘hna ko‘chalarni ko‘rib, dunyoqarashim butunlay o‘zgardi. Asosiysi, Big-Ben qarshisida ustozlarim va do‘stlarim bilan tushgan suratim eng qimmatli xotiramga aylandi. Bu safardan so‘ng bilim olishga ishtiyoqim yanada kuchaydi. Kelajakda yurtim sharafini xalqaro maydonda himoya qilishni maqsad qildim, — deydi u.
Joriy yil avgust oyida maktab jamoasi ikkinchi bor “Xorijiy tillarni o‘qitish bo‘yicha eng yaxshi maktab” yo‘nalishi bo‘yicha Prezident sovrini uchun o‘tkazilgan tanlovda ishtirok etib, shahar va viloyat bosqichlarida 1-o‘rinni, respublika bosqichida 3-o‘rinni egallab, pul mukofoti hamda Angliyaga sayohat qilish yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
– Ilgarilari bunaqa imkoniyat haqida orzu ham qila olmasdik. Endi esa chekka hudud maktabining o‘quvchi va ustozlari ikki bor Angliyaga borishi mumkin bo‘lyapti. Bu — Prezidentimizning ta’limga qaratayotgan beqiyos e’tibori samarasidir, – deydi umumta’lim maktabining oliy toifali ingliz tili o‘qituvchisi Iroda Mo‘minova. – Nasib qilsa, oktyabrda yana 5 nafar o‘quvchimiz bilan yo‘lga chiqamiz.
Tanlov natijasida qo‘lga kiritilgan mukofotning ma’lum qismi o‘qituvchi va o‘quvchilarni rag‘batlantirishga yo‘naltirilgan bo‘lsa, qolgan qismi maktab imkoniyatlarini kengaytirishga sarflandi. Kitob fondi boyitildi, xorijiy til xonalari zamonaviy multimedia vositalari bilan jihozlandi. Bugun bu maktabda IELTS va CEFR darajasiga ega bo‘lgan, ta’lim granti asosida respublikamizdagi nufuzli oliy ta’lim dargohlariga qabul qilingan o‘quvchilar soni tobora ko‘paymoqda.
– Biz uchun eng katta yutuq — o‘quvchilarning natijasi. Jamoamiz doim izlanishda: xorijiy tajribani o‘rganamiz, zamonaviy texnologiyalarni joriy qilamiz, har bir bolaning qobiliyatidan kelib chiqib individual mashg‘ulotlar tashkil etamiz. Shu tufayli natija bor, – deydi maktab direktori Raimjon Igamberdiyev.
Maktabda zamonaviy multimedia sinflari, elektron resurslar zali tashkil etilgan. Xorijlik mutaxassislar ishtirokida onlayn darslar o‘tkazilishi esa o‘quvchilarning chet tillarni tez o‘rganishga yordam bermoqda.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri