French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Chet ellik xalqaro ekspertlar Sirdaryoda
16:03 / 2025-10-16

Bilim va malakalarni baholash agentligi xalqaro hamkorlikni kengaytirish, sohada ilg‘or tajribalarni joriy etish maqsadida yangi loyihalarni amalga oshirmoqda.

Shu doirada Hindistonlik xalqaro ekspert Meenakshi Kachroo Chatta va AQSHlik ekspert Amanda Mochan agentlik xodimlari hamrohligida Sirdaryo viloyati bo‘limi faoliyati bilan tanishdi.

Mazkur tashrif 14 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan “Bilim va malakalarni baholashda nazariy va amaliy yondashuvlar” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjumanning mantiqiy davomi sifatida tashkil etildi.

Tashrif davomida mehmonlar viloyatdagi test sinovlari uchun mo‘ljallangan katta sig‘imli binolarni ko‘zdan kechirdilar, imtihon jarayonlari tashkil etilishi va topshiruvchilar uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdilar.

Shuningdek, mahalliy mutaxassislar bilan uchrashuvda bilim va malakalarni baholash tizimini yanada takomillashtirish, uni xalqaro standartlarga yaqinlashtirish yuzasidan fikr almashildi.

–   Sirdaryoda yaratilgan sharoitlar va texnik jihozlanish darajasi juda yuqori. Bu yerdagi tizim ishtirokchilar uchun qulaylik, xolislik va shaffoflikni ta’minlashga yo‘naltirilganini ko‘rish mumkin, –   dedi Hindistonlik ekspert Meenakshi Kachroo Chatta.

Amerikalik ekspert Amanda Mochan esa O‘zbekistonda baholash tizimini raqamlashtirish, xalqaro akkreditatsiya talablariga moslashtirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlarga yuqori baho berdi.

–  Eng muhimi, bu tizim faqat bilimni emas, balki amaliy ko‘nikmalarni ham aniq baholay olishi bilan ajralib turadi. Bu xalqaro tajriba nuqtai nazaridan juda muhim,  –  deya ta’kidladi u.

Tashrif yakunida ekspertlar Bilim va malakalarni baholash agentligi hamda Sirdaryo viloyati bo‘limi o‘rtasidagi ish jarayonlar samaradorligini oshirish, xorijiy hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha qator takliflar berdilar.

Bu tashrif, o‘z navbatida, O‘zbekistonda bilim va malakalarni baholash tizimini xalqaro standartlar asosida takomillashtirish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi. U nafaqat xorijiy tajribani o‘rganish, balki uni mahalliy amaliyotga tatbiq etish imkoniyatini ham yaratdi.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri