Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Chet ellik mutaxassislarga “IT-viza” berish tartibi takomillashtiriladi
10:40 / 2025-11-23

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Raqamli texnologiyalar sohasida mutaxassislarni tayyorlash tizimini yo‘lga qo‘yish hamda chet ellik mutaxassislarga “IT- viza berish tartibi takomillashtirilishi  munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida” qaror qabul qildi.

Unga muvofiq, “O‘zbekiston - 2030” strategiyasiga muvofiq raqamlashtirish sohasidagi xorijiy nufuzli oliy ta’lim tashkilotlarining ilmiy xodimlari va xalqaro startap loyihalar ishtirokchilarini O‘zbekistonga jalb qilish orqali IT xizmatlar eksportini oshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga: 

a) startap loyihalarning xorijiy ta’sischilari (ishtirokchilari) va mutaxassislariga hamda oliy ta’lim tashkilotlarining axborot texnologiyalari sohasida fan nomzodi, falsafa doktori (PhD) yoki fan doktori (DSc) ilmiy darajasiga ega bo‘lgan xorijlik professor-o‘qituvchilari, shuningdek, IT-park rezidenti maqomini olgan yuridik shaxsning yakkaboshchilik asosidagi ijro etuvchi organi vazifasini amalga oshiruvchi jismoniy shaxs yoki kollegial ijro etuvchi organining raisi hamda ularning o‘rinbosarlariga O‘zbekiston Respublikasiga kirish uchun “IT-visa” berish; 

b) IT sohasida eksport salohiyatini oshirish uchun xalqaro darajadagi malakali mutaxassislarni tayyorlash tizimi doirasida maqsadli qarzlar ajratishni yo‘lga qo‘yishni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. 

Chunonchi, Vazirlar Mahkamasining “Chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning O‘zbekiston Respublikasiga kelishlari, ketishlari, bu yerda bo‘lishlari va tranzit o‘tishlari tartibi to‘g‘risida” 1996 yil 21 noyabrdagi 408-son qarorida: 

a) 1-ilovada: 2-bandning “b” kichik bandi beshinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin: 

“Axborot texnologiyalari sohasidagi xorijiy investorlar va mutaxassislarga, shuningdek, Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki rezidentlarining ta’sischilariga, ularning yakkaboshchilik asosidagi ijro etuvchi organi vazifasini amalga oshiruvchi jismoniy shaxs yoki kollegial ijro etuvchi organining raisi hamda ularning o‘rinbosarlariga, Raqamli startaplar dasturi ishtirokchisi bo‘lgan startap loyihalar ta’sischilari (ishtirokchilari)ga va mutaxassislariga, oliy ta’lim tashkilotlarining axborot texnologiyalari sohasida fan nomzodi, falsafa doktori (PhD) yoki fan doktori (DSc) ilmiy darajasiga ega bo‘lgan xorijlik professor - o‘qituvchilariga O‘zbekiston Respublikasi hududidan chiqmasdan uning muddatini uzaytirish imkoniyati bilan beriladigan, amal qilish muddati uch yilgacha bo‘lgan ko‘p martalik “IT-visa” beriladi”; 

62-bandning “b” kichik bandi yettinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin: 

“O‘zbekistan Respublikasi vizasiz rejim joriy qilingan mamlakatlarning axborot texnologiyalari sohasidagi xorijiy investorlari va mutaxassislariga, shuningdek, IT-park rezidentlarining ta’sischilari (ishtirokchilari)ga, ularning yakkaboshchilik asosidagi ijro etuvchi organi vazifasini amalga oshiruvchi jismoniy shaxs yoki kollegial ijro etuvchi organining raisi hamda ularning o‘rinbosarlariga, Raqamli startaplar dasturi ishtirokchisi bo‘lgan startap loyihalar ta’sischilari (ishtirokchilari)ga va mutaxassislariga, oliy ta’lim tashkilotlarining axborot texnologiyalari sohasida fan nomzodi, falsafa doktori (PhD) yoki fan doktori (DSc) ilmiy darajasiga ega bo‘lgan xorijlik professor-o‘qituvchilariga O‘zbekiston Respublikasi hududidan chiqmasdan uning muddatini uzaytirish imkoniyati bilan beriladigan, amal qilish muddati uch yilgacha bo‘lgan ko‘p martalik IT-visa” o‘rniga IT-park direksiyasi tomonidan tavsiyanoma beriladi. 

Bunday tavsiyanoma “IT-visa”ra tenglashtiriladi.”;

b) 4-ilovaning 29-pozitsiyasi “Ta’rif” ustuni quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“Ko‘p martalik “IT-visa”

axborot texnologiyalari sohasidagi xorijiy investorlar va mutaxassislarga, shuningdek, Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki rezidentlarining ta’sischilari (ishtirokchilari)ga, ularning yakkaboshchilik asosidagi ijro etuvchi organi vazifasini amalga oshiruvchi jismoniy shaxs yoki kollegial ijro etuvchi organining raisi hamda ularning o‘rinbosarlariga, Raqamli startaplar dasturi ishtirokchisi bo‘lgan startap loyihalar ta’sischilari (ishtirokchilari)ga va mutaxassislariga, oliy ta’lim tashkilotlarining axborot texnologiyalari sohasida fan nomzodi, falsafa doktori (PhD) yoki fan doktori (DSc) ilmiy darajasiga ega bo‘lgan xorijlik professor-o‘qituvchilariga Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki direksiyasining tavsiyasiga binoan O‘zbekiston Respublikasi hududidan chiqmasdan uning muddatini uzaytirish imkoniyati bilan 3 yilgacha amal qilish muddati bilan beriladi”.

Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 15 iyuldagi 589-son qarori bilan tasdiqlangan Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki faoliyatini tashkil etish tartibi to‘g‘risida nizomning 6-bandi oltinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“axborot texnologiyalari sohasidagi xorijiy investorlar va mutaxassislarga, shuningdek, Dasturiy maxsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki rezidentlarining ta’sischilari (ishtirokchilari)ga, ularning yakkaboshchilik asosidagi ijro etuvchi organi vazifasini amalga oshiruvchi jismoniy shaxs yoki kollegial ijro etuvchi organining raisi hamda ularning o‘rinbosarlariga, Raqamli startaplar dasturi ishtirokchisi bo‘lgan startap loyihalar ta’sischilari (ishtirokchilari)ga va mutaxassislariga, oliy ta’lim tashkilotlarining axborot texnologiyalari sohasida fan nomzodi, falsafa doktori (PhD) yoki fan doktori (DSc) ilmiy darajasiga ega bo‘lgan xorijlik professor-o‘qituvchilariga Raqamli texnologiyalar vazirligi tomonidan belgilanadigan tartibda “IT-visa”HH takdim etish bo‘yicha tavsiya beradi”.

Vazirlar Mahkamasining “Axborot texnologiyalari va kompyuter dasturlash sohasida yosh mutaxassislarni rag‘batlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2021 yil 31 avgustdagi 556-son qarorida:

a) 3-band quyidagi mazmundagi xatboshilar bilan to‘ldirilsin:

“IT-park rezidenta maqomiga ega bo‘lgan axborot texnologiyalari va kompyuter dasturlash sohasidagi eksport qiluvchi kompaniyalarga ikki yil ichida IT sohasida eksport hajmini kamida 30 foizga oshirish sharti bilan maqsadli qarzlar ajratish;

xalqaro darajadagi malakali mutaxassislarni tayyorlash uchun xorijiy tillarni o‘qituvchi o‘quv markazlariga va shu yo‘nalishda o‘qish istagini bildirgan mutaxassislarga maqsadli qarzlar ajratish;

b) 4-bandda:

ikkinchi xatboshidagi “O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligining Yosh tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari” so‘zlari “Yoshlar ishlari agentligi huzuridagi Yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish davlat maqsadli jamg‘armasi” so‘zlari bilan almashtirilsin;

to‘qqizinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:

maqsadli qarz bo‘yicha foizlar O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining amaldagi qayta moliyalash stavkasidan 4 foizlik punkt yukori stavkada bo‘lishi lozim”;

uninchi xatboshidagi “Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining Yosh tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasiga” so‘zlari “Yoshlar ishlari agentligi huzuridagi Yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish davlat maqsadli jamg‘armasiga” so‘zlari bilan almashtirilsin;

v) 1-ilovada:

“1-bosqich” “Sub’ektlar” ustunidagi “Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi” so‘zlari “Yoshlar ishlari agentligi” so‘zlari bilan almashtirilsin;

“5-boskich” “Tadbir” ustuni 1-bandidagi “Stipendiatlarni ishga joylashtirish” so‘zlari “Stipendiatlarni ishga joylashtirishda ko‘maklashish” so‘zlari bilan almashtirilsin.

O‘zA