Mamlakatimizda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan ta’lim sohasi tubdan isloh qilinmoqda. Bu jarayonda, ayniqsa, dunyo tajribasini o‘rganish, ularning ilg‘or metod va uslublarini amaliyotga joriy etish, chet ellik soha mutaxassislarini yurtimizga taklif etish, o‘z navbatida, ular tajribasini borib o‘rganish yaxshi samara beradi.
Ayni shu maqsadda Janubiy koreyalik mutaxassislar ishtirokida respublikamizdagi mavjud “Barkamol avlod” bolalar maktablarining AKT va tarbiya fani o‘qituvchilarining malakasini oshirish, ularda zamonaviy bilim-ko‘nikmalarni shakllantirishga qaratilgan o‘quv-trening tashkil etilmoqda.

O‘quv-treninglar ayni paytga qadar Toshkent shahri, Qashqadaryo, Farg‘ona, Jizzax, Sirdaryo, Navoiy, Andijon, Namangan, Toshkent viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasida bo‘lib o‘tdi.

O‘quv-treninglar davomida mutaxassislarga dasturlash yo‘nalishidagi bilimlar bilan birgalikda, bugungi kunda tobora aktuallashib borayotgan etika va yumshoq ko‘nikmalar yuzasidan mashg‘ulotlar olib boriladi. Ta’kidlash joizki, ushbu o‘quv-trening ishtirokchilari trener sifatida tayyorlanadi hamda kelgusida olgan bilim va ko‘nikmalarini o‘zlari kabi mutaxassislarga o‘rgatishlari lozim bo‘ladi.

Janubiy koreyalik mutaxassislar mazkur loyiha doirasida mamlakatimizning barcha hududida o‘quv-treninglar tashkil etishi, trenerlar tayyorlash va kaskad uslubida o‘quvlar uyushtirishi rejalashtirilgan.
M.Komilova, O‘zA