Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Chet ellik investorlar yurtimizga qanchalik foyda keltiradi?
17:11 / 2021-06-24

O‘zbekiston jadal iqtisodiy o‘zgarishlarni boshdan kechirdi. O‘z navbatida, xalqaro hamjamiyatda biznes va investitsiyalar uchun turli xil to‘siqlarni bartaraf etishda ochiqlik, yangilanish va qat’iyatlilik ramzlaridan biri sifatida o‘z qiyofasini namoyon etmoqda. Shu jarayonda aholi va mahalliy tadbirkorlar orasida “Chet ellik investorlar bizga nima foyda beradi, nega mahalliy ishlab chiqaruvchiga nisbatan xorijlik investorlarga keng sharoit yaratib beriladi?” kabi fikrlar uchrab turmoqda.

Ushbu mulohazalarga va sohaga tegishli yana bir qator savollarga O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining matbuot xizmatidan javoblar olindi. Unda keltirilishicha, xorijiy investitsiyalar mamlakatning iqtisodiy salohiyatini oshirmoqda hamda kelajakda yalpi ichki mahsulot o‘sishiga ijobiy ta’sir qiladi. Bundan tashqari, sarmoyalar o‘sish va barqaror rivojlanish uchun juda muhimdir. Ular iqtisodiyotning ishlab chiqarish salohiyatini kengaytirish, ish o‘rinlari yaratish va daromadni oshirishga yordam beradi. To‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar qabul qiluvchi mamlakatlarda yangi bilimlar va yanada barqaror ishbilarmonlik amaliyotini olib borish va pirovardida, fuqarolarning turmush darajasini yaxshilash orqali qo‘shimcha foyda keltiradi.  

Esingizda bo‘lsa, 2020 yil 26 yanvarda investitsiyalar va investitsiya faoliyatida dolzarb o‘zgarishlar va islohotlar amalga oshirilishi, ushbu yo‘nalishda to‘g‘ridan- to‘g‘ri amal qiladigan qonunlar mavjud emasligi sababli yagona unifikatsiyalashtirilgan “Investitsiyalar va investitsiya faoliyati to‘g‘risida”gi qonun kuchga kirdi. Unga ko‘ra, chet el investorlari va mahalliy tadbirkorlar huquqlari tenglashtirilgan hamda investitsion faoliyat yurituvchi tadbirkorlarga bir xil imtiyozlar berilgan. Xorijiy investitsiyalarning asosiy samarasi oluvchi mamlakat va sarmoyador mamlakat o‘rtasidagi texnologik bo‘shliqni kamaytirishdan iborat ekani haqida ko‘p aytiladi. Albatta, bu o‘z navbatida, mehnat unumdorligini oshiradi va oluvchi mamlakatda iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantiradi.  

Investitsiyaning yana qanday afzalliklari bor?  

– Birinchidan, ichki bozorda talabgor bo‘lgan — import tovarlari o‘rnini bosuvchi mahsulotlarni ishlab chiqaradigan yangi korxonalarni qurish, yangi ish o‘rinlarini shakllantirish imkonini beradi. Ikkinchidan, mamlakatda faoliyat ko‘rsatayotgan korxonalar ishlab chiqarishini kengaytirish va istiqbolli rivojlanishni ta’minlovchi omil — milliy korxonalarning xususiy kapital hajmini to‘ldiradi. Uchinchidan, milliy iqtisodiyotda texnologik yangilanish amalga oshadi va milliy sanoat ishlab chiqarishiga yangi texnika va zamonaviy uskunalar o‘rnatiladi. Natijada jahon bozorida raqobatlasha oladigan milliy mahsulotlar ishlab chiqarila boshlaydi. To‘rtinchidan, milliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan kredit mablag‘lari hisobidan istiqbolli loyihalarni amalga oshirish imkoni yaratiladi. Beshinchidan, milliy iqtisodiyotning jahon iqtisodiyotiga integrallashuvi amalga oshadi.  

Xorijiy sarmoyadorlar yurtimizda samarali biznes yuritishi uchun qanday shartlar qo‘yiladi?  

– “Investitsiyalar va investitsiya faoliyati to‘g‘risida”gi qonunining 11-moddasiga ko‘ra, investorning bir qator majburiyatlari mavjud. Soliqlar, to‘lovlarni o‘z vaqtida to‘lash, shartnoma majburiyatlarini bajarish, bajarmaganligi yoki lozim darajada bajarmaganligi sababli investitsiya faoliyati ishtirokchisiga yetkazilgan zararlarning o‘rnini qoplashi kerak. Shuningdek, qonun hujjatlari talablariga, jumladan, raqobat to‘g‘risidagi, korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi, investitsiyalar va investitsiya faoliyati to‘g‘risidagi, mehnat to‘g‘risidagi, shaharsozlik to‘g‘risidagi, atrof-muhitni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablariga, texnika xavfsizlik, sanitariya normalari va qoidalariga rioya etadi. Asosiysi, vakolatli davlat boshqaruvi organlarining va mahalliy davlat hokimiyati organlarining o‘z vakolatlari doirasida qo‘yiladigan talablarini bajarishi shart.

2016 yil 26 avgustda qabul qilingan “To‘g‘ridan-to‘g‘ri xususiy xorijiy investitsiyalarni jalb qiluvchi korxonalar uchun soliq imtiyozlarini qo‘llash tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarorga ko‘ra, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xususiy xorijiy investitsiyalarni jalb etadigan korxonalar soliqlar bo‘yicha imtiyozlarga ega bo‘lish uchun bir qator shartlarni bajarishi kerak.  

Misol uchun, yurtimizning barcha shaharlari va qishloq aholi punktlarida korxonani joylashtirish, bundan Toshkent shahri va Toshkent viloyati mustasno. Bunday hududiy cheklov turizm sohasida faoliyat ko‘rsatuvchi korxonalarga va chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirishga tatbiq etilmaydi. Korxonaning ustav kapitalida xorijiy ishtirokchilarning ulushi kamida 33 foizni, aksiyadorlik jamiyatlarida esa kamida 15 foizni tashkil etishi lozim. Mazkur imtiyozlarning qo‘llanilishi muddati davomida imtiyozlardan olingan daromadning kamida 50 foizini korxonani yanada rivojlantirish maqsadida qayta investitsiyalashga yo‘naltirish.  

– Xorijiy sarmoyadorlar iqtisodiyot tarmoqlarining qaysi yo‘nalishlariga ko‘proq qiziqish bildirmoqda yoki bu borada ma’lum bir shartlar bormi?  

– “To‘g‘ridan-to‘g‘ri xususiy xorijiy investitsiyalarni jalb etishni rag‘batlantirish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonga ko‘ra, beriladigan imtiyozlardan foydalanish uchun xorijiy sarmoyadorlarga yigirmadan ortiq iqtisodiyot tarmog‘ida faoliyat yuritishi shart. Jumladan: radio elektron sanoati buyumlari hamda kompyuter, hisoblash texnikasi butlovchi buyumlarini ishlab chiqarish, yengil sanoat, ipakchilik sanoat, qurilish materiallari sanoati, parranda go‘shti va tuxumni sanoat miqyosida yetishtirish, oziq-ovqat sanoati, go‘sht-sut sanoati, baliq va baliq mahsulotlarini qayta ishlash hamda konservalash, kimyo sanoati, neft-kimyo sanoati, tibbiyot sanoati, shuningdek, veterinariya uchun dori vositalarini ishlab chiqarish, qadoqlash materiallarini ishlab chiqarish, muqobil energiya manbalari negizida elektr stansiyalari qurish, ko‘mir sanoati, ishlab chiqarishga mo‘ljallangan elektroferrosplav va metall buyumlarni ishlab chiqarish, mashinasozlik va metallga ishlov berish kabilar shular jumlasidandir.  

 

 

Sayyora Shoyeva