Iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlar tomonidan chet davlatlar sudlari va arbitrajlari hal qiluv qarorlarini tan olish hamda ijroga qaratishda qonun talablariga qat’iy amal qilish hal qiluvchi ahamiyat kasb etmoqda.
Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2023-yil 20-noyabrdagi 27-sonli “Chet ellik shaxslar ishtirokidagi ishlarni iqtisodiy sudlar tomonidan ko‘rishda qonunchilik hujjatlarini qo‘llashning ayrim masalalari haqida” gi qarori sud amaliyoti uchun muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda.
Amaldagi tartibga ko‘ra, arizalarni ko‘rib chiqishda O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari — Kiyev bitimi, Minsk va Kishinyov konvensiyalarida belgilangan talablarga to‘liq rioya etilishi shart.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksining 252-moddasida chet el arbitraji hal qiluv qarorini tan olish va ijroga qaratish to‘g‘risidagi arizaga ilova qilinishi lozim bo‘lgan hujjatlar aniq belgilab qo‘yilgan. Ular qatoriga hal qiluv qarorining belgilangan tartibda tasdiqlangan nusxasi, arbitraj bitimi, qaror ijrosi holati to‘g‘risidagi ma’lumot, taraflarning tegishli tarzda xabardor qilinganligini tasdiqlovchi hujjatlar, davlat tilidagi tasdiqlangan tarjima hamda boshqa protsessual hujjatlar kiradi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining 2020-yil 6-yanvardagi “Davlat boji to‘g‘risida” gi Qonuniga muvofiq, bunday arizalar bo‘yicha bazaviy hisoblash miqdorining (BHM) ikki baravari miqdorida davlat boji undiriladi. Davlat boji hamda pochta xarajatlari to‘langanligini tasdiqlovchi hujjatlar taqdim etilmagan taqdirda, ariza ish yuritishga qabul qilinmaydi.
Sudlar chet davlat sudi yoki arbitraji hal qiluv qarorini mazmunan qayta ko‘rib chiqishga haqli emas. Arizani qanoatlantirish yoki rad etishda Iqtisodiy protsessual kodeksining 255-moddasida hamda tegishli xalqaro shartnomalarda nazarda tutilgan asoslar keltirilishi lozim.
Jizzax viloyati misoli sud amaliyotida protsessual talablarga rioya etish darajasini yaqqol namoyon etadi. 2022-yilda MDH davlatlari sudlari qarorlarini tan olish va ijroga qaratish bo‘yicha 5 ta ariza kelib tushgan bo‘lib, ularning 4 tasi ish yuritishga qabul qilinmasdan qaytarilgan, 1 ta ish yuritish tugatilgan. 2023-yilda esa 3 ta arizadan 1 tasi qonun talablariga rioya etilmagani sababli qaytarilgan, 2 tasi to‘liq qanoatlantirilgan.
Amaliyotda talablarga rioya etilmagan holatlar ham uchramoqda. Jumladan, Moskva arbitraj sudining 2020-yil 24-martdagi qarori asosida AO “Modnыy Kontinent” tomonidan berilgan iltimosnoma Iqtisodiy protsessual kodeks talablariga javob bermagani sababli qaytarilgan.
Barcha protsessual talablar bajarilgan hollarda esa qarorlar ijroga qaratilgan. Masalan, “INSTYLE” MCHJ hisobidan AO “Modnыy Kontinent” foydasiga 128 880,98 AQSH dollari miqdorida qarzdorlik va boshqa to‘lovlar undirilgan. Shuningdek, Qozog‘iston Respublikasi Nur-Sulton shahri sudi qarori asosida 7 million 459 ming 471 tenge sug‘urta to‘lovlari bo‘yicha qarzdorlik va 223 ming 784 tenge davlat boji undirilgan.
Xulosa qilib aytganda, chet davlat sudlari va arbitrajlari qarorlarini tan olish hamda ijroga qaratish jarayonida protsessual normalarga qat’iy amal qilish sud qarorlarining qonuniy va samarali ijrosini ta’minlaydi. Bu esa mamlakatimizda huquq ustuvorligi va xalqaro huquqiy hamkorlik mexanizmlarining mustahkamlanishiga xizmat qiladi.
Akbar To‘ychiyev,
Jizzax viloyat sudining
iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudyasi
O‘zA