bugungi kunda O‘zbekiston rivojlanayotgan davlatlar qatorida ular bilan turli munosabatlarga kirishmoqda. Ushbu munosabatlarning eng muhimlaridan biri bu – xorijiy fuqarolarning O‘zbekistonga kirishi va chiqishi bilan bog‘liq munosabatlar hisoblanadi.
Hozirgi davrda murakkab pandemiya sharoitida O‘zbekiston Respublikasida chet el fuqarolarining va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning huquqiy holatining samarali mexanizmlarini ishlab chiqish, bu borada milliy huquq normalarini xalqaro huquq normalari bilan unifikatsiya qilish va O‘zbekistonda xorijiy fuqarolarning harakatlarini tartibga solinishiga ehtiyoj sezilmoqda.
Shu bois, joriy yil 4 iyunda «O‘zbekiston Respublikasida chet el fuqarolarining va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning huquqiy holati to‘g‘risida»gi qonuni qabul qilindi. Ushbu qonunning maqsadi O‘zbekiston Respublikasida chet el fuqarolarining va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning huquqiy holati sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdir. Qonunga ko‘ra, chet el fuqarosi — O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligiga ega bo‘lmagan, boshqa davlat fuqaroligiga va o‘zining boshqa davlat fuqaroligiga mansubligiga doir dalilga ega bo‘lgan shaxs hisoblansa, fuqaroligi bo‘lmagan shaxs bu — O‘zbekiston Respublikasining fuqarosi bo‘lmagan va o‘zining chet davlat fuqaroligiga mansubligiga doir dalilga ega bo‘lmagan shaxslar hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 18-moddasida O‘zbekiston Respublikasida barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega bo‘lib, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeidan qat’iy nazar, qonun oldida teng ekanliklari nazarda tutilgan. Biroq, xorijiy fuqarolarning bu boradagi huquqiy holati qonun hujjatlarida nazarda tutilmagan edi.
Endilikda, ushbu qonunning 5-moddasida O‘zbekiston Respublikasi hududidagi chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqeidan qat’iy nazar, O‘zbekiston Respublikasining qonuni oldida teng ekanligi belgilab qo‘yildi va bu orqali qonun bilan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning huquqlari deyarli O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari bilan teng huquqli etib belgilandi.
To‘g‘ri, ayrim siyosiy va imtiyoz beruvchi huquqlar O‘zbekiston fuqarosidan boshqalarga berilmaydi. Masalan, O‘zbekiston fuqarosining siyosiy huquqi bo‘lgan saylov huquqidan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar foydalana olmaydi. Bunday amaliyot rivojlangan davlatlarda ham amal qiladi. Bunday cheklashdan maqsad boshqa davlatlarning O‘zbekiston siyosiy hayotiga aralashishga yo‘l qo‘ymaslikdir. Buning asosi sifatida davlatlar orasida ichki ishlarga aralashmaslik xalqaro tamoyili ham mavjudligini keltirib o‘tishimiz mumkin.
Qonun bilan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning O‘zbekiston Respublikasi hududida vaqtincha va doimiy turish tartibi ham belgilab o‘tilib, unga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi hududida vaqtincha turgan, boshqa davlatlar hududida doimiy yashaydigan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar o‘z tanloviga ko‘ra o‘zining amaldagi harakatlanish hujjatlari bo‘yicha joylashtirish joylarida yoki boshqa uy-joy maydonida, shuningdek, davolash muassasalarida vaqtincha yashashi mumkin. Buning uchun ular vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tishi kerak bo‘ladi. Bunday shaxslarga siyosiy boshpana berish tartibi va shartlari bo‘lsa O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan belgilanishi ko‘rsatib o‘tildi.
Barcha uchun kerak bo‘ladigan identifikatsiyalovchi karta nafaqat O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga, balki quyidagi shaxslarga ham beriladi:
- O‘zbekiston Respublikasi hududida doimiy yashaydigan chet el fuqarolariga yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga — ular o‘n olti yoshga to‘lganida yoki ota-onasining, vasiylarning (homiylarning) ixtiyoriga ko‘ra — bola tug‘ilgan paytidan e’tiboran va o‘n olti yoshga to‘lguniga qadar;
- O‘zbekiston Respublikasi hududida doimiy yashash uchun ruxsatnoma olgan shaxslarga, shu jumladan, «O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi to‘g‘risida»gi qonunga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligi tugatilgan, O‘zbekiston Respublikasi hududiga kirib kelgan shaxslarga;
- O‘zbekiston Respublikasi hududida doimiy yashaydigan, biroq O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligini qabul qilmagan yoki «O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi to‘g‘risida»gi qonunga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligi tugatilgan shaxslarga;
- qonunchilikda belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasida ko‘chmas mulk sotib olgan chet el fuqarolariga;
- O‘zbekiston Respublikasi hududida tovarlar ishlab chiqarish va xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha korxonalar tashkil etish uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlarida nazarda tutilgan shartlar asosida investitsiyalar kiritgan chet el fuqarolariga yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga, shu jumladan, chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalarning muassislariga (ishtirokchilariga), shuningdek, ularning oila a’zolariga;
- O‘zbekiston Respublikasida siyosiy boshpana berilgan chet el fuqarolariga yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga O‘zbekiston Respublikasida siyosiy boshpana berilganligi to‘g‘risidagi guvohnoma asosida beriladi. Ushbu kartalar yuqorida sanab o‘tilgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga O‘zbekiston hududida mavjud bo‘lish uchun, ya’ni bemalol hech qanday to‘siqlarga uchramaslik uchun ham kerak, desak yanglishmaymiz. Chunki ushbu hujjat ularning shaxsini tasdiqlovchi asosiy hujjat hisoblanadi.
Identifikatsiyalovchi karta:
yangi tug‘ilgan bir yoshgacha bo‘lgan bolalarga — ikki yil;
bir yoshdan o‘n olti yoshgacha bo‘lgan shaxslarga — besh yil;
o‘n olti yoshdan oltmish yoshgacha bo‘lgan shaxslarga — besh yil;
oltmish yoshdan oshgan shaxslarga — o‘n yil muddatga amal qiladi.
Shuningdek, chet davlatlarning O‘zbekiston Respublikasida doimiy ro‘yxatdan o‘tkazilgan fuqarolariga esa identifikatsiyalovchi karta ularning milliy pasportlarining amal qilish muddatidan oshmaydigan muddatga beriladi. Bunday muddatlarning belgilanishi, albatta, insonning tabiiy holati va davlatdagi o‘rnatilgan ichki tartiblardan kelib chiqadi.
Qo‘shimcha qilish mumkinki, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar erkinlik va shaxsiy daxlsizlik huquqi, O‘zbekiston Respublikasi hududi bo‘ylab erkin harakatlanish huquqi, ta’lim olish huquqi kabi inson uchun zarur va shart bo‘lgan huquqlarning barchasi qonun bilan kafolatlangan. Ammo shuni unutmaslik lozimki, huquq bor joyda majburiyat ham bo‘lib, barcha o‘z majburiyatlarini bajarishi shart.
Agar chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar O‘zbekiston Respublikasi hududida mavjud bo‘lgan davrida jinoyat sodir etsa, u O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi bilan jinoiy javobgarlikka tortiladi. Ma’muriy huquqbuzarlik sodir etgan taqdirda, ularga nisbatan O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligida belgilangan tartibda ma’muriy tarzda chiqarib yuborish holati qo‘llanilishi, O‘zbekiston Respublikasi hududiga kirishi uchun taqiq qo‘yilishi, shuningdek, ularning turish muddati qisqartirilishi ham mumkin. Javobgarlik huquqbuzarlikning ahamiyatlilik darajasi va sodir etgan muhitidan kelib chiqib belgilanadi.
Xulosa qiladigan bo‘lsak, shu vaqtgacha chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning huquqiy holati qonun darajasida bo‘lmagan boshqa normalar bilan tartibga solinib kelindi. Ammo endilikda ushbu qonunni qabul qilinishi chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning huquqiy holati munosabatlarini tartibga solishi bilan birga, bunday shaxslarga bir necha huquqlarni kafolatlab, ularning O‘zbekistonda yashashi uchun barcha sharoitlarni o‘zida mujassam etadi.
Ahadullo AXMEDOV,
Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi bosh yuriskonsulti