Chet el fuqarolari va chet elda yashovchi fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning farzandlarini umumta’lim maktablariga qabul qilish bo‘yicha davlat xizmati yo‘lga qo‘yildi.
Buning uchun chet el fuqarolari va chet elda yashovchi fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) yoki Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining elektron xizmatlar portali (my.maktab.uz) orqali onlayn so‘rovnomani to‘ldirgan holda ariza yuboradi.
Ariza avtomatik tarzda hududiy boshqarmalar huzuridagi chet el fuqarolari farzandlarini umumta’lim maktablariga qabul qilish bo‘yicha Ishchi guruhga yuboriladi.
Ishchi guruhi 7 ish kunida arizani ko‘rib chiqib, yo‘llanmani (QR-kod qo‘yilgan) rasmiylashtiradi hamda elektron portal orqali ariza beruvchiga elektron ravishda yuboradi.
Natijani ariza beruvchi o‘zi murojaat qilgan my.gov.uz yoki my.maktab.uz portali orqali avtomatik tarzda tizimdan yuklab oladi.
Davlat xizmatini ko‘rsatish bepul amalga oshiriladi.
Eslatib o‘tamiz, shu vaqtga qadar shahodatnoma dublikatini olish va xorijda ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatni (nostrifikatsiya) tan olish bo‘yicha davlat xizmatlari yo‘lga qo‘yilgan.
2023 yil davomida eksternat tartibida imtihonlarni topshirish uchun ariza berish hamda o‘quvchilarni bir maktabdan boshqasiga o‘tkazish davlat xizmatlari ham ishga tushiriladi.
O‘zA