Mustaqilligimizning 34 yilligi arafasida Sirdaryo viloyatida yoshlar salomatligi va ma’naviy-ma’rifiy hayotini boyitishga xizmat qiladigan yana bir zamonaviy sport maydonchasi foydalanishga topshirildi.
Guliston tumani Beshbuloq mahallasidagi 21-sonli umumta’lim maktabi hududida barpo etilgan stritbol va vorkaut maydonchasi mahalladagi yoshlarga sog‘lom turmush tarzini yo‘lga qo‘yish, bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish va sport bilan muntazam shug‘ullanish imkonini beradi.

Quvonarlisi, mazkur maydoncha o‘tgan yili “Besh tashabbus olimpiadasi”ning respublika bosqichida kurash sporti bo‘yicha 1-o‘rinni qo‘lga kiritgan yosh sportchi Marjona Karimova tashabbusi bilan bunyod etildi va Beshbuloq yoshlariga tuhfa qilindi.

— Bu maydonchani o‘z mahallamiz yoshlariga sovg‘a qilish orzum edi, — deydi Marjona. — Chunki biz sog‘lom turmush tarzini tanlasak, mamlakatimiz kelajagi ham sog‘lom bo‘ladi. Sportchi sifatida men ustozlarim va davlatimiz yaratgan imkoniyatlar tufayli katta yutuqlarga erishdim. Endi navbat bizniki — tajribamiz va g‘alabalarimizni qo‘shnilarimiz, sinfdoshlarimiz va mahallamiz bolalari bilan baham ko‘rib, ularni sportga jalb qilishimiz kerak. Ishonamanki, bu maydoncha ular uchun yangi maqsadlar sari dastlabki qadam bo‘ladi.

Tantanali ochilish marosimida Sirdaryo viloyati sport boshqarmasi va Guliston tumani sport maktabi mas’ullari, mahalla faollari, nuroniylar, sportchilar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etib, Marjona singari bo‘lg‘usi chempionlarga omad tilashdi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri