Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Chempionlik mezbonlarda qoldi
21:20 / 2026-02-10

Namangan davlat texnika universitetining zamonaviy sport majmuasida start olgan voleybol bo‘yicha o‘smirlar (“U-19”) o‘rtasidagi O‘zbekiston chempionati musobaqalari yakuniga yetdi.

Bir hafta davomida qizg‘in va murosasiz ruhda kechgan mazkur musobaqada Qoraqalpog‘iston Respublikasi, barcha viloyatlar hamda Toshkent shahridan kelgan saralangan terma jamoalar ishtirok etdi.

Bellashuvlar davomida yosh sportchilarning jismoniy tayyorgarligi, texnik mahorati va jamoaviy uyg‘unligi  yaqqol ko‘zga tashlandi. Qolaversa, chempionatga tashrif buyurgan milliy terma jamoamiz murabbiylari bahslarni kuzatish asnosida o‘z qaydnomalariga iqtidorli nomzodlarni belgilab qo‘yishdi.

E’tiborlisi, bunday musobaqalar chempionat yosh voleybolchilarini aniqlash, ularning sport mahoratini oshirish va yurtimizda voleybol sport turini yanada rivojlantirish yo‘lida muhim ahamiyat kasb etadi.

Chempionatning hal qiluvchi o‘yiniga yetib kelgan Dadaxon Vahobov murabbiyligidagi Namangan viloyat terma jamoasi finalda yon qo‘shnisi – andijonliklarga qarshi maydonga tushib, uchala partiya natijasiga ko‘ra (3:0), yaqqol ustunlik bilan g‘alaba qozondi. Shu tariqa chempionlik mezbonlarga nasib qildi. Andijon viloyati yigitlari kumush medal bilan kifolandi.

Bronza medali uchun kechgan bellashuvda Toshkent viloyati vakillarini 3:2 hisobida mag‘lubiyatga uchratgan qoraqalpog‘istonlik voleybolchilar ham g‘oliblik shohsupasiga ko‘tarilishdi.

Tantanali taqdirlash marosimida g‘olib-sovrindor jamoalarga  Sport vazirligi, O‘zbekiston voleybol federatsiyasi hamda Namangan viloyat hokimligi tomonidan kubok, medallar va esdalik sovg‘alari taqdim qilindi.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA